Corporate Logo Corporate Logo

Ishonch telefoni: 0 (365) 226-10-97'

o'zb | рус| eng
Batafsil

Pedagoglar ulug‘langan yurt!

  • 4-Fevral, 2024-yil 20:23
Blog Image

Maktab har bir inson o'tadigan hayot darvozasidir. O‘qituvchi ushbu jarayonni kuzatuvchisi va boshqaruvchisi sifatida har bir inson hayotidagi eng muhim shaxslardan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan 2024 yil 1 fevralda «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi Qonunning imzolanishi, unda pedagoglarning huquq va majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillarining belgilanishi, o‘qituvchilarning izchil mehnati va qo‘llab-quvvatlanishi umumta’lim maktab bitiruvchilarining o‘qituvchilik kasbiga qiziqishini yanada ortishiga olib keladi.

Pedagog - ta'lim jarayoniga professional ravishda jalb qilingan shaxs. Aynan shu kontseptsiya, mening fikrimcha, o'qituvchining funktsional majburiyatlarini belgilaydi.

Har bir o‘qituvchi-tarbiyachi pedagogik axloq qoidalariga amal qiladi. Bu o‘qituvchi uchun qasamyod bo‘lishi lozim. Agar o'qituvchi pedagogik axloq qoidalarini buzsa, tabiiyki, u javobgarlikka tortiladi. Shunday ekan, shifokorlar Gippokrat qasamyodini qabul qilganidek, o'qituvchilar ham qo'shimcha qasamyod qilishlari kerakmi, degan savol tug‘iladi. Asrlar davomida shakllangan “Pedagogik axloq qoidalari” mavjud. O‘qituvchi ushbu qoidalarga amal qilishi, bu uning qasamyodidir, deb hisoblayman.

«Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi Qonun har bir o‘qituvchiga mas’uliyat va majburiyatlarni belgilaydi. Bular:

O‘qituvchiga kasbiy standartlar - samarali o'qitish metodikasi, sohadagi yangiliklarni o‘zlashtirish, amaliyotga joriy etishda zarur bo'lgan fazilatlar, ko'nikmalar va xatti-harakatlarni belgilaydi.

O'qituvchilarning huquqlari, majburiyatlari va vazifalarini aniqlab beradigan qonunchilik bazasini taqdim etadi.

Qonun o'qituvchilarni ijtimoiy himoyalab, ularga nisbatan adolatsizlikni oldini oladi, kamsitish va o'zboshimchalik bilan ishdan bo'shatishdan himoya qiladi, ularning mehnat huquqlarini himoya qiladi.

O'qituvchilarning ish faoliyati va xulq-atvorining yuqori standartlarini ta'minlash uchun javobgarlik mexanizmlarini, jumladan, baholash jarayonlari va intizomiy tartiblarni belgilaydi.

O‘qituvchining kasbiy takomillashuvida akmeologik ko‘tarilish yo‘llarini, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini va o‘qituvchilarning malaka, tajriba, kompetensiyalarini oshirish uchun rag‘batlantirishni kafolatlaydi.

Ta’limda sifat va samardolikni kafolatlash orqali o‘qituvchilarga o‘ziga bo‘lgan ishonch va o‘z-o‘zini rivojlantirish, kelajakka umidni uyg`otib, malakali va fidoyi pedagog kadrlarni shakllantirish orqali ta'limning umumiy sifatini oshirish va samaradorlikka erishish imkonini beradi.

Yosh o‘qituvchilarga kasbiy yuksalish borasida aniq koʻrsatmalar berish orqali taʼlim tizimida barqarorlik va uzluksizlikni ta’minlaydi.

Bo‘lajak pedagoglar, talabalarga bilimli, malakali, tajribali va axloqiy jihatdan mas'uliyatli professor-o'qituvchilardan ta'lim olishlari uchun pedagogika institutlarining ilmiy, pedagogik, psixologik laboratoriya markazlari takomillashtirilib moddiy-texnik bazalari boyitiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlamoqchimanki, bugun davlatimiz tomonidan o'qituvchilarga katta e'tibor qaratilayotgani juda yoqimli. Bunda biz pedagoglar davlat g‘amxo‘rligini his qilamiz. Men 28 yildan ortiq ta’lim sohasida ishlayman, bolaligimdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim. Bu kasbni tanlaganimdan faxrlanaman va davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlarni oqlashga bor kuchim bilan harakat qilaman.

Akramova G.R.,

Buxoro davlat pedagogika instituti, pedagogika kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari doktori (DSc)