Corporate Logo Corporate Logo

Ishonch telefoni: 0 (365) 226-10-97'

o'zb | рус| eng
Batafsil

MAKTAB  - ULUG‘  IMORAT,  USTOZ  - UNING ME’MORI

  • 5-Fevral, 2024-yil 14:34
Blog Image

Men o‘qituvchilar oilasida voyaga yetganman. O‘qituvchilik kasbi bilan 9 farzandini voyaga yetkazgan bobo-buvim, shu kasbning ortidan  jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, obro‘ orttirgan onam faoliyatini ko‘rib ulg‘aydim. Mana shunday ma’naviy muhit  kamolotim uchun asos bo‘lishi bilan birga, meni ustoz deb atalgan ulug‘ kasbni egallashga undadi.

Ustoz – o‘qituvchilik ulug‘ kasb. Jamiyatdagi biror soha yoki kasb yo‘qki unda ustozning, murabbiyning o‘rni bo‘lmasa. Qayerdagi ilmga, ustozga e’tibor kuchaygan bo‘lsa, o‘sha yerda rivojlanish va taraqqiyot uchun poydevor qo‘yiladi. Dunyo mamlakatlari orasida xalqining intellektual darajasi yuqori ko‘rsatkichlarga yetgan Yaponiya, Germaniya, Isroil, Singapur, Janubiy Koreya kabi ko‘plab davlatlar borki, bunga ular faqat ta’lim tizimini mustahkamlash hamda o‘qituvchilar mavqeini oshirish orqali erishganlar. Butun faoliyatini maktab va maorif ishiga qaratgan jadid bobolarimizdan  bo‘lgan  Abdulla Avloniy “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liq”,  deb ta’kidlar ekan, bu o‘rinda ustoz-o‘qituvchining  jamiyatdagi o‘rni qariyb bir asr ilgari asosiy masala bo‘lib ko‘tarilganligini ko‘rishimiz mumkin. Bugun  dunyoning rivojlangan mamlakatlariga nazar solsak, u yerda maktab, ta’lim va tarbiya, o‘qituvchiga e’tibor yuksak ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Xuddi shunday harakatlar mamlakimiz siyosatining asosini tashkil qilishi men kabi yosh o‘qituvchilarning qalbida g‘urur hissini paydo qiladi. Kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev tomondan imzolangan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi Qonunning imzolanganligi buning yorqin misolidir.

Har qanday jamiyatning taraqqiyotida, albatta, ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘rni beqiyos.  Shu ma’noda qabul qilingan  mazkur Qonun zamirida ham ulug‘ xilqat hisoblangan INSONning buguni va ertasi o‘z aksini topgan.  "O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak" degan ezgu g‘oya asosida davlat va jamiyat tomonidan har qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasi safarbar etilmoqda.

Qonunga ko‘ra, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlandi. Shuningdek, pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, jumladan, bitiruvchilarning bandligi ta’minlangani haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish man etildi. Bundan tashqari, maktab ostonasiga endigina qadam qo‘ygan yosh o‘qituvchilarga katta e’tibor qaratilishi, ustoz va shogirdlik an’anasining yo‘lga qo‘yilishini sharqona an’analar qabul qilingan Qonunning negizini tashqil qilganligidan dalolat beradi.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda yangicha fikrlaydigan, yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchi va pedagoglarni voyaga yetkazish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratilar ekan, o‘qituvchi va murabbiylar oldiga ham qator vazifalar turganligini ham unutmasligimiz kerak. Jumladan, Qonunda o‘qituvchi zamonaviy  pedagogik texnologiyalardan, o‘qitish va tarbiya vositalari hamda usullarini erkin tanlash va ulardan foydalanish layoqatiga ega bo‘lishi lozimligi  alohida ta’kidlangan.

Bugun men faoliyat ko‘rsatayotgan Buxoro davlat pedagogika institutida ham malakali mutaxasislarni tayyorlash, ularni o‘z kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,  2023/2024 o‘quv yilida 2-kursdan boshlab kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha talabalarning amaliyotini “4+2” shaklda ta’lim muassasalarida o‘tkazish bo‘yicha ishlarini rejalashtirib, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda talabalar amaliyoti tashkil qilinmoqda. Bundan tashqari, institutda faoliyat olib borayotgan ilmiy darajali professor-o‘qituvchilarning ilmiy maktablarni shakllantirish, “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish  ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Umuman olganda,  har qanday jamiyatning taraqqiyotida, albatta, ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘rni beqiyos.  Shu ma’noda mazkur Qonunda ta’lim sifatini oshirish hamda o‘qituvchilarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgan katta ko‘lamdagi vazifalarning belgilanishi, albatta, quvonarli hol. Mazkur Qonunning qabul qilinishi xalqimiz faravonligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshiriladigan islohotlar keng ko‘lamda davom ettirilishi uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Demak, bugun o‘qituvchi nafaqat kelajak avlodga bilim berish bilan cheklanishi, balki millatimizning asriy an’analari, qadriyatlarini kelgusi avlodlarga yetkazuvchi, bugun va kelajakni bog‘lovchi mustahkam “ko‘prik”  bo‘lmog‘i lozim. Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz ta’kidlaganlaridek,  "Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir". Bu  imoratning me’mori esa ustoz.

Ibotova Madina

O'zbek va rus tillar kafedrasi o'qituvchisi