Corporate Logo Corporate Logo

Ishonch telefoni: 0 (365) 226-10-97'

o'zb | рус| eng
Batafsil

Pedagogning maqomi

  • 11-Iyun, 2024-yil 17:03
Blog Image

Kuni kecha ommaviy axborot vositalari orqali “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun deb nomlangan tarixiy hujjatning qabul qilinganligi haqidagi xabarlar e’lon qilindi. Bu xabar soha vakillari bilan bir qatorda keng jamoatchilikni quvontirdi. Boisi ustozlar e’zozlangan jamiyatning kelajagi ham porloq bo‘ladi. Yosh avlod ustozga o‘zgacha bir hurmat, ehtirom bilan ulg‘ayadi. To‘g‘ri, bu an’analar qonun qabul qilinmasidan avval ham asrlar davomida xalqimiz milliy qadriyatlaridan biri sifatida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan edi. Chunonchi xalq donoligi xazinasi sanalmish “Ustoz otangdan ulug‘”, “Ustozingga tik qarasang, to‘zasan, Hurmat qilsang, asta-asta o‘zasan” kabi purma’no maqollar ham bejizga aytilmagan. Biroq bir muddat ustozlarga bo‘lgan munosabat biroz salbiy tomonga o‘zgargandi, nazarimizda. Bugun esa pedagoglarning huquq va manfaatlari davlat himoyasi bilan kafolatlandi.

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun 21 moddadan iborat bo‘lib, unda pedagoglarning huquq va erkinliklari kafolatlangan. Qonunning 3-moddasida pedagogning maqomiga ta’rif beriladi: Ta’lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagogdir.

O‘zbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinadi. Pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar beriladi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, pedagoglarning sha’ni, qadr-qimmati davlat muhofazasiga olinganligidir: Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.

Qonunning ahamiyatli jihatlaridan yana biri unda pedagoglarning huquq va manfaatlari bilan bir qatorda ularning ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi; o‘quv mashg‘ulotlarini o‘quv dasturlari va davlat ta’lim standartlariga muvofiq sifatli o‘tkazishi; o‘quv mashg‘ulotlari davomida ta’lim oluvchilarning bilim darajasini oshirish uchun zarur choralar ko‘rishi; axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, o‘qitish va tarbiyaning ilg‘or hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanishi; ta’lim oluvchilarning psixologik va o‘ziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olishi, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga e’tibor qaratishi va ularni kamsitmasligi; voyaga yetmagan ta’lim oluvchilar bilan ta’lim-tarbiya ishlarini ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari bilan hamkorlikda olib borishi; o‘z malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan o‘tishi; ta’lim tashkilotining ustaviga va (yoki) boshqa ta’sis hujjatlariga, ichki mehnat tartibi qoidalariga va pedagogik etika qoidalariga rioya etishi kabi burch va majburiyatlarining belgilab qo‘yilganligidir.

Ustoz-murabbiylarning sha’ni, qadr-qimmatini o‘z himoyasiga olgan davlat ravnaq topaveradi. Hurmat, e’tibor, qadrni har qadamida his qilgan ustozlar esa o‘z kasblariga yanada mas’uliyat bilan yondashib, komil insonlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishlari shubhasiz.

 

Pedagogika kafedrasi o'qituvchisi 

Sobirova Moxira Rasulovna