Corporate Logo Corporate Logo

Ishonch telefoni: 0 (365) 226-10-97'

o'zb | рус| eng
Batafsil

Pedagogning maqomi

  • 11-Iyun, 2024-yil 17:04
Blog Image

"Pedagogning maqomi to'grisida"gi qonun loyihasiga munosabat

Ustoz otangdan ulug‘, deganlari bejiz emas,

 Ota hayot beradi. Ustoz esa yashashga o‘rgatadi. Tug‘ilish oson, yashash qiyin

O‘tkir Hoshimov

         O‘qituvchilik bu juda ko‘p bilim, sabr-toqat va ijodkorlikni talab qiladigan o‘ta muhim va hurmatli ishdir. Barcha kasb vakillari o‘qituvchilar tufayli tayyor kadr sifatida shakllanadi, tegishli bilim va ko‘nikmalarni, xoh maktabda, xoh o‘rta maxsus ta’lim dargohida yoki oliy o‘quv yurtida bo‘lsin, biz o‘qituvchilardan oladi.

         Ustozlik dunyodagi eng qadimiy kasblardan biri. Birinchi maktablar Sharq mamlakatlarida Ossuriya, Bobil va Xitoyda miloddan avvalgi IV ming yillikda paydo bo‘lgan. Ushbu maktablarda falsafa va din mavzularidagi suhbatlar bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan faylasuflar o‘z talabalariga ega bo‘lishni boshlaydilar va "maktab" atamasi aynan ta'lim jarayonini anglatishni boshlaydi.Bu maktablarda bilimning barcha sohalari bilan shug’ullanishgan.

         Hazrat Alisher Navoiy o'z davrining ayrim maktabdorlari ega bo'lgan sifatlar, xususan, qattiqqo'llik, ta'magirlik va johilliklarni qoralar ekan, o'qituvchining ma'naviy qiyofasiga nisbatan jiddiy talablarni qo'yadi. Xususan: "Mudarris kerakki, g'arazi mansab bo'lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko'rsatmasa va olg'irlik uchun gap-so'z va g'avg'o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo'lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o'rin bo'lmasa. Yaramasliklardan qo'rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o'zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni mumkin, balki halol qilsa, qilmas ishlarni qilmoq uchun sodir bo'lsa va qilar ishlarni qilmasliq unga qoida va odat bo'lib qolsa, bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir", deb ta'kidlaydi. Ayni o'rinda o'qituvchi mehnatining mashaqqatli ekanligini izohlab o'tadi: "Uning ishi odam qo'lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashga ojizlik qiladi, u esa bir to'da bolaga ilm va adab o'rgatadi, ko'rkim, bunga nima yetsin. Shunisi ham borki, u to'dada fahm-farosati ozlar bo'ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo'ladi. Har qanday bo'lsa ham, yosh bolalarga uning haqqi ko'pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (ya'ni muallimga) qulluq kilsa arziydi", deb o'qituvchi sifatiga odilona va oqilona ta'rif beradi.

         Mashhur pedagog Abdulla Avloniy ham o'z asarlarida o'qituvchi shaxsi va uning faoliyati borasidagi qarashlarni ifodalashga alohida e'tibor qaratadi. Allomaning qayd etishicha, bolaning sog'lom bo'lib o'sishida ota-onalar o'ziga xos rol o'ynasalar, uning fikriy jihatdan taraqqiy etishida o'qituvchining o'rni beqiyos ekanligini ta'kidlaydi. Xususan, bolalarning aqliy qobiliyatlarini shakllantirish muallimlarning "diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifa" ekanligini ta'kidlab, "fikrning quvvati, ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga boqliqdur", - deb ta’kidlaydi.

         Shunning uchun ham pedagoglik kasbi dunyodagi eng qiyin kasblardan biri hisoblanadi. O‘qituvchilarining stress darajasi qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar va aviadispetcherlarniki bilan teng ko‘riladi. O‘qituvchiga g‘amxo‘rlik barcha sohalarda kadrlar tayyorlash borasida muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. O‘qituvchining maqomini mustahkamlash ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarida belgilangan huquqiy me’yorlarni uyg‘unlashtiradi. O‘qituvchining maqomini oshirmay turib, ta’lim sifatini oshirib bo‘lmaydi. Ta’lim sifatini oshirmay turib esa, malakali mutaxasislarni tayyorlab bo‘lmaydi. O‘z navbatida, o‘qituvchi maqomi bilan bog‘liq bunday qoidalar bir qator xorijiy davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlab qo‘yilgan. Masalan, Janubiy Koreya Konstitutsiyasida o‘qituvchilarning maqomi qonunlarda aks ettirilishi kerak bo‘lgan asosiy masala sifatida belgilangan. Malayziya Konstitutsiyasida o‘qituvchilarning maqomi va tayyorgarligi masalalari milliy (federal) miqyosda berilgan.

         Yurtimizda ham 2023-yil 1-avgustda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 2023-yil 29-sentabrda Senat tomonidan ma’qullangan va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich tomonidan 2024-yil 1-fevral kuni tasdiqlangan, 21-moddadan tashkil topgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida” gi qonuni imzolanishi pedagoglarni kasbiy faoliyati daxlsizligi va davlat himoyasida bo‘lishi, pedagog kadrlarning salohiyatini rivojlantirish bilan birga mamlakatimiz ta’lim tizimining yuksalishiga xizmat qiladi.