60510100 – Biologiya bakalavriat yo‘nalishi malaka talabi asosida mazkur ta’lim yo‘nalishi biologiya fanining nazariy va amaliy asoslarini chuqur egallagan, tirik organizmlarning tuzilishi, funksiyalari, rivojlanishi va evolyutsiyasini ilmiy asosda tahlil qila oladigan, zamonaviy laboratoriya usullari hamda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish faoliyatini olib borishga qodir bakalavr kadrlarni tayyorlashga qaratilgan. Bitiruvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida biologiya fanidan dars berish, ilmiy-tadqiqot institutlari, laboratoriyalar, ekologiya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya yo‘nalishidagi tashkilotlarda mutaxassis sifatida faoliyat yuritishlari mumkin. Ular biologik jarayonlarni tahlil qilish, tajribalar o‘tkazish, ilmiy xulosa chiqarish, atrof-muhitni muhofaza qilishga doir masalalarni hal etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha zarur kompetensiyalarga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.