


Buxoro davlat pedagogika institutida kiberxavfsizlik masalalari va yoshlar o'rtasida qimor o'yinlarining oldini olishga qaratilgan muhim profilaktik tadbir o'tkazildi. Institut psixologi Sh.Zuxurova hamda Psixologiya kafedrasi professori M.Bafayevlar boshchiligidagi tadbirda tavakkalchilikka asoslangan onlayn o'yinlar haqida ilmiy ma'lumotlar berildi. Unda ushbu o'yinlarning turlari, salbiy oqibatlari, shuningdek, ularga huquqiy, ijtimoiy va psixologik baho berilib, profilaktik choralar atroflicha muhokama qilindi.
So'nggi vaqtlarda onlayn qimor o'yinlari ayrim insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Afsuski, bu o'yinlar nafaqat moliyaviy muammolarni, balki jiddiy qaramlikni ham keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, milliy urf-odatlarimiz, mentalitetimiz va diniy qarashlarimizga zid bo‘lgan bunday o'yinlarning onlayn platformalarda ommalashib, o'smir va yoshlarni o'z domiga tortayotgani tashvishli holatdir.