This website is currently running in test mode. Some features may be unavailable or may not work as expected!
shape
shape

Koreya Respublikasi Ta’lim markazi bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim tashrif

  • Home
  • Koreya Respublikasi Ta’lim markazi bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim tashrif
Event Image

Koreya Respublikasi Ta’lim markazi bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim tashrif

    Buxoro davlat pedagogika instituti prorektori M.M.Bafayev Toshkent shahrida joylashgan Koreya Respublikasining Ta’lim markaziga tashrif buyurdi. Mazkur markaz 1992-yildan buyon Koreya Respublikasining xalqaro nufuzini oshirish, koreys tili va madaniyatini keng targ‘ib etish, shuningdek, ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

    Ta’lim markazi tomonidan xalqaro ta’lim hamkorligini faollashtirish, koreys madaniyatini targ‘ib qilish, koreys tilidan TOPIK imtihonlarini tashkil etish, xorijiy talabalarni Koreya oliy ta’lim muassasalariga jalb etish borasida salmoqli natijalarga erishilgani qayd etildi.

    Uchrashuv davomida Buxoro viloyati umumta’lim maktablarida koreys tilining o‘qitilishi holati, o‘quvchilarning kelgusida ta’limni davom ettirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda Buxoro davlat pedagogika institutida Koreya Respublikasi Ta’lim markazi filialini tashkil etish, koreys tili kafedrasini ochish hamda “Koreys tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Mazkur tashabbuslar Koreya Respublikasi Ta’lim markazi direktori Li Yong Vongning Buxoro shahriga amalga oshirilgan tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Pedagog kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Z.K.Kim boshchiligida institut rektori B. Ma’murov bilan tuzilgan kelishuvlar asosida boshlangan edi.

    Kuni kecha Koreya Respublikasi Ta’lim markazi direktorining o‘rinbosari Li In Gyu boshchiligidagi delegatsiya bilan Buxoro davlat pedagogika instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M.M. Bafayev o‘rtasida hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlarning holati, jarayonda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

    Uchrashuv yakunida yaqin istiqbolda Buxoro shahrida Koreya Respublikasi Ta’lim markazi filialini ochish, institutda Koreya oliy ta’lim muassasalari ko‘rgazmalarini tashkil etish, shuningdek, koreys tilidan TOPIK imtihonini topshirishga tayyorlovchi o‘quv-seminarlarni o‘tkazish bo‘yicha aniq amaliy vazifalar belgilab olindi.

    Mazkur Ta’lim markazi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida ta’lim almashinuvi, akademik hamkorlik va madaniy aloqalarni rivojlantirishda mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.