


Buxoro davlat pedagogika institutida Erasmus+ EMPOWER dasturi doirasida talaba qizlar uchun tashkil etilgan intensiv o‘quv mashg‘ulotlarining dastlabki bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur treninglar ayollarning biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ijtimoiy faoliyatini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Online mashg‘ulotlar davomida qatnashchilar zamonaviy yo‘nalishlar, biznes rejalashtirish asoslari, loyiha boshqaruvi va jamoaviy ish ko‘nikmalarini mustahkamladi. Shuningdek, treninglarda gender tengligi, kasbiy o‘sish va innovatsion yondashuvlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar loyiha ishtirokchilari hamda trenerlari: S.S.Kurbanov, D.G.Ashurova hamda M.A.Bahronovalar tomonidan tashkil etildi.
Mazkur o‘quv dasturi talaba qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish, mustaqil fikrlash va rahbarlik qobiliyatlarini rivojlantirishga hamda institutning xalqaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qildi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi hamda ularning kelgusidagi faoliyatlarida ushbu bilim va ko‘nikmalardan samarali foydalanishlari ta’kidlandi.