


Buxoro davlat pedagogika institutida senatorlar, deputatlar hamda yoshlar ishtirokida mazmunli va ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy va iqtisodiy savodxonligini oshirish, shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ularga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari, oliy ta’lim muassasalari rahbar-xodimlari yoshlarga o‘z tajribasi hamda amaliy tavsiyalarini ulashdi. Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun nafaqat motivatsion muhit yaratadi, balki ularning jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyatini chuqurroq anglashiga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida bir qator ma’ruzachilar muhim mavzular yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar:
• Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Maʼmurov, tadbirni ochib berar ekan, yoshlar bilan tizimli ishlash va ularning zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
• Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, iqtisodiy islohotlarning yo‘nalishlari va ularning kelajakdagi ta’siri haqida so‘z yuritdi.
• Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Moyra Toshova, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularni qonuniy jarayonlarga faol jalb etishning ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
• Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi raisi Jamol Ashurov, hududiy rivojlanish, jamoatchilik bilan ishlash va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Mazkur uchrashuv yoshlar va tajribali mutaxassislar o‘rtasida samarali fikr almashuv maydonini yaratib, ularning kelajak sari aniq maqsadlar bilan intilishiga turtki bo‘ldi. Tadbir nafaqat yoshlarning intellektual salohiyatini ochib berish, balki ularning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Bunday muloqotlar yoshlarning fikr doirasini kengaytirish, ularni zamonaviy dunyo talablari asosida tarbiyalash hamda barkamol avlodni shakllantirish yo‘lida muhim platforma sifatida e’tirof etiladi.