


Buxoro davlat pedagogika institutida “Turk dunyosi geograflari xalqaro III kongressi”ni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Institut hududida kongress ishtirokchilarini munosib kutib olish uchun tashkiliy va texnik masalalar puxta yo‘lga qo‘yilmoqda. Xorijiy va mahalliy olimlar, tadqiqotchilar hamda mutaxassislar ishtirok etishi kutilayotgan ushbu nufuzli ilmiy anjumanga tayyorgarlik jarayonida konferensiya zallari zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlanmoqda, axborot bannerlari va ko‘rgazma materiallari tayyorlanmoqda.
Shuningdek, mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish, ularni kutib olish, joylashtirish hamda kongress dasturi asosida barcha tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Institut jamoasi ushbu xalqaro ilmiy tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar qilgan.
Mazkur kongress turk dunyosi mamlakatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, geografiya fanining dolzarb masalalarini muhokama qilish hamda yangi ilmiy g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.