


Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma'murov bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Samimiy va ochiq muloqot ruhida kechgan tadbirda talabalarning kelgusi rejalari, bandlik masalalari hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari muhokama qilindi.
🇺🇿 Uchrashuv davomida rektor yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev (https://t.me/Press_Secretary_Uz/7034)ning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida belgilangan ustuvor vazifalarga to‘xtalib, ularning mazmun-mohiyatini bitiruvchilarga batafsil tushuntirib berdi.
Xususan, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha natijadorlikka asoslangan yangi yondashuv boshlanganligi ta’kidlandi.
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar hajmi va imkoniyatlari kengaytirilgani, bu esa yoshlarning o‘z biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishida muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Dual ta’lim tizimiga e’tibor kuchaytirilayotgani, ya’ni ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish orqali bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, startap loyihalarida faol ishtirok etish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda grant va tanlovlarda qatnashish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida bitiruvchi talabalar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini bildirishdi. Ularning bandligini ta’minlash, amaliyot bazalarini kengaytirish hamda kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Mazkur uchrashuv bitiruvchilarning kelajakdagi faoliyatiga aniq yo‘nalish berish, ularni qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishga undashga xizmat qildi.