


Buxoro davlat pedagogika institutida viloyat hokimligi tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining tegishli topshirig‘i asosida “GAP” ayollar IT klubi doirasida forum tashkil etildi.
Mazkur tadbir xotin-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish, ularni axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb etish hamda IT yo‘nalishidagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi. Forumda oliy ta’lim muassasalari talaba-qizlari, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari faol ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy ma’ruzachisi — Kamola Shavkatovna bo‘lib, u “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” mavzusida mazmunli chiqish qildi. Ma’ruzada raqamli transformatsiya jarayonlarida xotin-qizlarning o‘rni, IT sohasida ta’lim olish va kasb egallash imkoniyatlari, startap loyihalar, zamonaviy kasblar hamda davlat tomonidan yaratilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, forum davomida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar. Ular IT sohasida muvaffaqiyatga erishish yo‘llari, amaliy tavsiyalar hamda real tajribalar bilan tanishdilar.
Mazkur forum xotin-qizlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning bandligini ta’minlash va zamonaviy kasblarga yo‘naltirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Institut jamoasi kelgusida ham talaba-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni innovatsion va raqamli yo‘nalishlarga keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlarni izchil davom ettiradi.