

Tashrif davomida mehmon fakultetda olib borilayotgan o‘quv va tarbiyaviy jarayonlar, talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, moddiy-texnik baza hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, harbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarni harbiy kasbga tayyorlash va ularning vatanparvarlik ruhini mustahkamlash borasidagi faoliyatga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur fakultet bitiruvchilari chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi hamda harbiy mutaxassis sifatida qo‘shinlar va harbiy qismlarda BTRlarda jangovar guruh komandiri kabi mas’uliyatli yo‘nalishlarda faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ta’lim jarayoni umumqo‘shin tayyorgarligi, uslubiy tayyorgarlik hamda maxsus harbiy tayyorgarlik yo‘nalishlarini qamrab olgan holda tizimli ravishda tashkil etilgan.
Fakultetda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiqlik hamda Qurolli Kuchlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida muntazam ravishda turli tadbirlar, uchrashuvlar va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarda harbiy qismlarda to‘plangan ilg‘or tajribalar, jangovar tayyorgarlikdagi yutuqlar hamda mamlakatimiz tarixidagi muhim va sharafli voqealar keng targ‘ib qilinadi.
Mazkur tashrif Harbiy ta’lim fakultetida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yana bir bor namoyon etib, yosh avlodni har tomonlama yetuk, vatanparvar va fidoyi kadrlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.