


24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida (https://t.me/Press_Secretary_Uz/7034)O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqot mamlakatimizda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur uchrashuvda yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi hamda payshanba kuni “Yoshlar kuni (https://t.me/Press_Secretary_Uz/7038)” deb e’lon qilindi.
Ushbu tashabbus ijrosi doirasida Buxoro davlat pedagogika institutida sport va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida “Sport – sog‘lomlashtirish” tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirda institutning barcha professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari faol ishtirok etib, jismoniy mashqlar, ommaviy sport chiqishlari va sog‘lomlashtiruvchi harakatlar orqali sog‘lom hayot tarzi naqadar muhim ekanini amalda namoyon etdilar.
Tadbir davomida jamoaviylik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhiti yaqqol sezildi. Sport orqali nafaqat jismoniy chiniqish, balki irodani mustahkamlash, intizom va mas’uliyatni oshirish kabi fazilatlar ham shakllanishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, “Talabalar ligasi” sport musobaqalari doirasida yuqori natijalarga erishgan talabalarni taqdirlash marosimi ham tantanali ravishda o‘tkazildi. Taqdirlash marosimi institut rektori B. Ma’murov boshchiligida bo‘lib o‘tdi va unda barcha professor-o‘qituvchilar faol qatnashdilar. G‘olib va sovrindor talabalarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning sport sohasidagi yutuqlari e’tirof etildi.
Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Zero, sog‘lom va barkamol avlod – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.