


Har qanday jamiyatning istiqboli uning yosh avlodi qanday dunyoqarash, bilim va faol pozitsiya bilan kamol topayotganiga bevosita bog‘liq. Zamonaviy globallashuv sharoitida inson kapitali asosiy raqobat ustunligiga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, yoshlar masalasi ijtimoiy himoya yoki ma’naviy tarbiya doirasi bilan cheklanmaydi; u iqtisodiy o‘sish, innovatsion taraqqiyot va siyosiy barqarorlikning muhim sharti sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining yangi bosqichi shakllandi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan islohotlar doirasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimli xarakter kasb etdi. Bu jarayon huquqiy asoslarni mustahkamlash orqali amalga oshirildi. Xususan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun yoshlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kafolatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini belgilab berdi.
Institutsional yondashuv doirasida Yoshlar ishlari agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi yoshlar bilan ishlashni markazlashgan va maqsadli tarzda tashkil etish imkonini berdi. Bu tuzilma orqali yoshlarning bandligini ta’minlash, kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq dasturlar amalga oshirilmoqda. Natijada yoshlar nafaqat ijtimoiy himoya ob’ekti, balki iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Raqamli transformatsiya davri yoshlar oldiga mutlaqo yangi talablarni qo‘ymoqda. Axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, kreativ industriya va ilmiy tadqiqot sohalaridagi faollik mamlakatning innovatsion salohiyatini belgilaydi. Shu bois yoshlarning intellektual imkoniyatlarini rivojlantirish strategik vazifaga aylanmoqda.
Prezidentimizning Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan faol yoshlar bilan muloqoti ham davlatimizning yoshlar siyosatiga yangicha sur’at baxsh etishi shubhasiz. Bunday uchrashuvlar yoshlarimiz intiq kutadigan, ochiq muloqot va amaliy qarorlar qabul qilinadigan muhim an’anaga aylanganini e’tirof etishimiz darkor. Yoshlarni demografik qatlam sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi strategik kuchi sifatida baholash yondashuvi jarayonning o‘ziga xos jihati bo‘ldi, albatta.
Muhim jihat shundaki, yoshlarga sarmoya kiritish qisqa muddatli emas, balki uzoq istiqbolga qaratilgan investitsiya hisoblanadi. Ta’lim sifatini oshirish, kasb-hunar tayyorgarligini zamonaviy talablarga moslashtirish va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirish orqali barqaror taraqqiyotga erishish mumkin.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, yoshlar mamlakatning strategik zaxirasi emas, balki bugungi rivojlanish jarayonining faol sub’ektidir. Ular yaratayotgan intellektual mahsulot, innovatsion g‘oya va tashabbuslar davlatning raqobatbardoshligini belgilaydi. Demak, yoshlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish milliy taraqqiyot siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolaveradi.
Malika Umedjanova Luqmonovna
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor