Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin!
shape
shape

Buxoro davlat pedagogika institutida tyutorlar uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi

  • Bosh sahifa
  • Buxoro davlat pedagogika institutida tyutorlar uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi
Event Image

Buxoro davlat pedagogika institutida tyutorlar uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi

    Buxoro davlat pedagogika institutida 2025/2026 o‘quv yili qishgi ta’til davrida tyutorlar uchun ish yuritish va hujjatlar bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari doirasida bayonnoma asosida uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilish Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Umedjanova Malika Lukmanovna boshchiligida tashkil etildi. Unda globallashuv sharoitida jahon ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekistonda oliy ta’limda tyutorlik faoliyatining o‘rni va ahamiyati keng muhokama qilindi.

🔍 Seminar jarayonida Tillar fakulteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Laylo Sharipova tomonidan ish yuritish hujjatlarini rasmiylashtirish, bayonnoma tuzish tartibi va hujjatlar bilan ishlash madaniyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tyutorlik faoliyatida muloqot madaniyati va kasb etikasi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, tyutor va talaba o‘rtasida samarali, hurmatga asoslangan va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, xizmat vazifalarini halollik, mas’uliyat va xolislik tamoyillari asosida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

📚 Seminar davomida talabalarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlashga doir amaliy misollar keltirildi. Shu bilan birga, tyutorlarning mehnat shartnomasida belgilangan vazifalari, ularning qonunchilikka muvofiq o‘rindoshlik asosida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi hamda talabalarning odob-axloq kodeksi va ichki tartib-qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda mas’ul shaxslarga tezkor axborot berish kabi asosiy majburiyatlari batafsil tushuntirildi.

✔️ Mazkur o‘quv seminari tyutorlarning kasbiy salohiyatini oshirish, muloqot madaniyati va kasb etikasi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.