shape
shape

O‘TMISH QADRIYATLARI VA BUGUNGI GLOBAL HAMKORLIK SINTEZI

  • Bosh sahifa
  • O‘TMISH QADRIYATLARI VA BUGUNGI GLOBAL HAMKORLIK SINTEZI
Event Image

O‘TMISH QADRIYATLARI VA BUGUNGI GLOBAL HAMKORLIK SINTEZI

Bugungi globallashuv jarayonida jamiyatlar rivoji nafaqat zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga, balki tarixiy meros va milliy qadriyatlarga ham bevosita bog‘liqdir. O‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan madaniy, ma’naviy va ijtimoiy qadriyatlar zamonaviy hamkorlikning mustahkam poydevorini tashkil etadi. Shu bois, tarixiy qadriyatlar va global hamkorlik o‘rtasidagi uyg‘unlikni tadqiq etish dolzarb ilmiy masalalardan biridir.Har bir xalqning o‘ziga xos tarixiy tajribasi, urf-odatlari va qadriyatlari mavjud bo‘lib, ular jamiyatning ma’naviy asosini shakllantiradi.Globalizatsiya sharoitida davlatlararo munosabatlarning yangi modeli shakllanib, unda diplomatik aloqalar nafaqat siyosiy muloqot, balki kompleks iqtisodiy va ijtimoiy tizim sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda oliy darajadagi tashriflar muhim mexanizm sifatida qaraladi.So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik, pragmatizm va mintaqaviy hamkorlik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan bo‘lib, bu jarayonda Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari muhim rol o‘ynamoqda. Shu nuqtai nazardan, Emomali Rahmonning davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan strategik hodisa sifatida baholanadi.O‘zbek va tojik xalqlari haqida so‘z ketganda, eng avvalo, ularning tarixiy yaqinligi, ma’naviy mushtarakligi va hayotiy uyg‘unligi yodga tushadi. Bu ikki xalq shunchaki qo‘shni emas. Ular — bir zaminda yashagan, bir havodan nafas olgan, bir suvdan bahra olgan, bir-birining quvonchi va tashvishiga sherik bo‘lib kelgan azaliy qardosh xalqlardir.Agar o‘zbek-tojik qardoshligining eng teran ma’naviy va tarixiy timsolini izlasak, uni, shubhasiz, Buxoro misolida ko‘ramiz. Buxoro — bu faqat qadimiy shahar emas. U xalqlarimizning umumiy xotirasi, umumiy madaniyati, umumiy ma’naviy tafakkuri va sivilizatsion yuksalishining yorqin ifodasidir.Ayniqsa, Buxoroning Somoniylar davri bilan bog‘liq tarixi tojik xalqi uchun ham, umumiy mintaqa tarixi uchun ham alohida ahamiyatga ega. IX–X asrlarda Buxoro Somoniylar davlatining poytaxti sifatida forsiy-tojik adabiyoti, davlatchilik tafakkuri va shahar madaniyatining markazlaridan biriga aylangan. Buxorodagi Somoniylar maqbarasi shunchaki me’moriy yodgorlik emas, balki umumiy davlatchilik xotirasi, ma’naviy meros va sivilizatsion davomiylik timsolidir.Shu ma’noda, tashrifning eng ta’sirli jihatlaridan biri uning muhim qismi qadimiy Buxoro shahrida kechgani bo‘ldi. Buxoro — bu oddiy shahar emas, balki butun Markaziy Osiyoning tarixiy xotirasi, ilm-fan va tasavvuf markazidir.Ayniqsa, tashrifning Bahouddin Naqshband majmuasi ziyoratidan boshlanishi chuqur ramziy ma’noga ega. Bu, avvalo, ajdodlar merosiga hurmat, ma’naviy ildizlarga sadoqat va umumiy qadriyatlarga ehtirom ifodasidir. Bu holat shuni ko‘rsatadiki, bugungi hamkorlik faqat bugunning ehtiyojlari bilan emas, balki o‘tmishdan kelayotgan ruhiy bog‘liqlik asosida qurilmoqda.Fikrimcha, aynan mana shu jihat tashrifni boshqalardan ajratib turadi. Chunki zamonaviy siyosatda ma’naviylik unsuri har doim ham ustuvor bo‘lavermaydi. Ammo ushbu tashrifda siyosiy muloqot ma’naviy qadriyatlar bilan uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlaydi.


Tashrif doirasida o‘tkazilgan madaniy tadbirlar, qo‘shma konsert dasturlari va gumanitar aloqalar ham ikki xalq o‘rtasidagi ruhiy yaqinlikni yanada mustahkamladi.Menimcha, bunday tashriflarning eng muhim natijasi aynan shundadir — ular insonlar qalbini yaqinlashtiradi. Siyosiy kelishuvlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin, ammo ma’naviy yaqinlik va o‘zaro hurmat abadiy qadriyat bo‘lib qoladi.

Bu tashrifning mohiyati shundaki, u munosabatlarni faqat hujjatlar va raqamlar bilan emas, balki qalb, tarix va ma’naviyat bilan ham bog‘laydi. Chunki Buxoro tojik xalqi uchun ham azaliy ma’naviy makonlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda forsiy-tojik adabiyotining ilk yuksalish muhiti shakllangan, davlatchilik tafakkuri, ilm-fan va ma’naviyat rivojlangan.Eng muhimi, bugun Buxoroda tojik xalqining ko‘p ming yillik tarixi bilan bog‘liq ko‘plab qadimiy yodgorliklar, an’analar, til muhiti, urf-odatlar va madaniy qatlamlar hanuz yashab turibdi. Bu shahardagi tarixiy mahallalar, qadimiy me’moriy uslub, madrasalar, ziyoratgohlar, hunarmandchilik maktablari, forsiy adabiy an’analarga daxldor ruhiy muhit — bularning barchasi Buxoroni umumiy meros shahriga aylantiradi.O‘tmish qadriyatlari va bugungi global hamkorlik sintezi jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Tarixiy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy hamkorlik jarayonlariga integratsiya qilish orqali barqaror rivojlanishga erishish mumkin. Shu bois, ilmiy, pedagogik va ijtimoiy faoliyatda ushbu uyg‘unlikni ta’minlash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.Xulosa qilib aytganda, o‘zbek-tojik qardoshligi — bu shunchaki tarixiy xotira emas. Bu bugungi taraqqiyotning ham, ertangi kelajakning ham mustahkam poydevoridir.Asrlar davomida sinalgan bu yaqinlik bugun yangi mazmun bilan boyimoqda. Endi u faqat ma’naviy qadriyat emas, balki iqtisodiy imkoniyat, siyosiy ishonch, madaniy uyg‘unlik va mintaqaviy taraqqiyot manbaiga aylanmoqda. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtiradi, mintaqaviy integratsiyani tezlashtiradi, Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy modelni shakllantiradi, mintaqaviy integratsiya institutlarini kuchaytiradi, ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytiradi hamda transchegaraviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, madaniy diplomatiyani rivojlantiradi.

D. Mamatov — Buxoro davlat pedagogika instituti, Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, p.f.d. (DSc), professor.