


Buxoro davlat pedagogika institutida Aniq va tabiiy fanlar hamda Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetlari professor-o‘qituvchilari uchun qishki ta’til davrida “O‘quv dasturlarini TOP-300 oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlari asosida maqbullashtirish” mavzusida o‘quv seminarlari tashkil etildi. Mazkur seminarlarning asosiy maqsadi o‘quv dasturlarini nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida takomillashtirish, ularni xalqaro ta’lim standartlari bilan uyg‘unlashtirish hamda ta’lim jarayonining sifat va samaradorligini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
🎓 O‘quv seminarlarida fan dasturlarining mazmunini yangilash, o‘quv natijalarini kompetensiyaviy yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, TOP-300 reytingidan joy olgan yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarining ilg‘or tajribalarini chuqur tahlil qilish, ularni milliy ta’lim tizimi xususiyatlariga moslashtirish bo‘yicha aniq va amaliy tavsiyalar berildi.
📚 Seminar mashg‘ulotlarida malaka oshirish kurslarida tayyorlangan trenerlar bilan bir qatorda, Moskva davlat universiteti Geografiya fakulteti Biogeografiya kafedrasi dotsenti, geografiya fanlari nomzodi Aleksandr Ivanovich Danshin onlayn formatda ishtirok etib, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha o‘zining ilg‘or tajribalari, zamonaviy metodik yondashuvlari hamda xalqaro ta’lim amaliyotida qo‘llanilayotgan samarali mexanizmlar bilan o‘rtoqlashdi.
✅ Mazkur o‘quv seminarlari professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ta’lim jarayonida xalqaro tajribani keng joriy etish, shuningdek, institutda olib borilayotgan ta’lim islohotlarining samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.