


Buxoro davlat pedagogika institutida Kengashning 9-sonli yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut faoliyatining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilish davomida kafedralarda xo‘jalik shartnomalari hamda innovatsion korporativ hamkorlik yo‘nalishida bajarilgan ishlar, ushbu jarayonda jalb etilgan investitsiyalar holati muhokama qilindi. Shuningdek, institutda faoliyat olib borayotgan tyutorlar tomonidan talaba-yoshlar bilan ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ta’lim jarayonidagi ishtirokini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala sifatida Buxoro davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan viloyatdagi umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan ko‘p bosqichli (tuman/shahar – viloyat – oliy ta’lim muassasasi) kimyo, biologiya va fizika fan olimpiadalarining institut bosqichi natijalari ko‘rib chiqildi. Ushbu tanlovlar yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.Shuningdek, Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakultetida ish yuritilishi, ijro intizomi, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan batafsil tahliliy ma’lumotlar berildi.Yig‘ilish yakunida kafedra mudiri, dotsent, katta o‘qituvchi hamda o‘qituvchi lavozimlariga tanlov asosida qabul qilinadigan professor-o‘qituvchilarning nomzodlari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.Mazkur yig‘ilish institutda ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va boshqaruv samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi muhim qarorlar maydoniga aylandi.