


Buxoro davlat pedagogika instituti Tillar fakulteti dekani Hamza Xaitov, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Gulandom Mirxanova, Musiqa va tasviriy sanʼat kafedrasi professori Dilfuza Ma’murova va Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi Sanjar Kurbanovlar Hacettepe universitetining Adabiyot fakulteti Zamonaviy turkiy tillar va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor Nurettin Demir bilan uchrashishdi. Uchrashuvda universitetda Oʻzbek tili markazini ochish masalasi muhokama qilindi, birgalikda maqola va kitoblarni nashr qilish boʻyicha keyingi rejalar tasdiqlandi.
Shuningdek, Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasi Tasviriy sanʼat fakulteti dekani Nadire Şule Atılgan bilan ham uchrashishdi. Ikki oliygoh professor-oʻqituvchilari va talabalarining koʻrgazmalarini namoyish qilish, yozgi maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilish, Hacettepe universiteti talabalariga Buxoro miniatyura sanʼatini oʻrgatish boʻyicha yoʻl xaritasi tuzildi. Fakultetda olib borilayotgan dars jarayonlari kuzatildi.