


Faol yosh sifatida bu muloqotdan o‘zgacha ruh, kuch va ilhom oldim. Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan ishonchi va e’tibori bizni yanada mas’uliyatli, faol va tashabbuskor bo‘lishga undaydi.
Uchrashuvda xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi samara bergani alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda sertifikat olgan yoshlar soni 600 mingdan oshgan, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming nafar instruktor shakllangan. Xususiy o‘quv markazlari soni 3 baravar ko‘payib, 38 mingdan oshdi.
Xususiy o‘quv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uyushma a’zosi bo‘lgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijara daromadi va foyda solig‘idan ozod etiladi. Shuningdek, bunday markazlar o‘qituvchilarini ilg‘or ta’lim markazlarida stajirovkaga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Ko‘mak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til o‘quv markazlari faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi markazlar ijtimoiy soliqni 1 foiz, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘ini 7,5 foiz miqdorida to‘laydi (hozirda 12 foiz).
Ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o‘qitadigan markazlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi: ular yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, o‘qituvchilarga to‘langan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.
Volontyorlik faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Huquqiy asoslar yaratilgani sabab volontyor yoshlar soni 5 baravar oshib, ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim va favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishlarida 100 mingdan ziyod yosh faoliyat yuritmoqda.
Volontyorlik harakatini rivojlantirish maqsadida Vasiylik kengashi tuziladi hamda Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaga har yili budjetdan 20 milliard so‘m, qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard so‘mdan ajratiladi. Shu mablag‘lar hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grantlar beriladi va “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ko‘tarildi. Yosh oilalar uchun ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjet hisobidan qoplab beriladi.
Kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarga bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan ijodiy haq to‘lanadi. Eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatlarining yarmi qoplanadi. Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to‘plam tayyorlanib, barcha maktab va texnikumlarga yetkaziladi. Eng faol kitobxon o‘quvchilar 10 million so‘mdan mukofotlanadi.
Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘koni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 3 yil muddatga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi joriy etiladi.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanadi. Ushbu loyiha doirasida 8–12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillar o‘qitilib, ularning daromadli ishga ega bo‘lishiga sharoit yaratiladi.
Bugungi uchrashuv yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, Yangi O‘zbekistonning eng katta kuchi – bu yoshlar. Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar bizni yanada bilimli, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishga undaydi. Yosh faol sifatida bu yuksak ishonchni oqlashga, bilim va tashabbuslarim bilan yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga qat’iy ahd qildim.
Nosirova Nodirabegim Nodirovna,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi kotibi