


Markaziy Osiyo mintaqasida tarixiy xotira, madaniy uyg‘unlik va siyosiy hamkorlikning yangi bosqichini ifodalovchi muhim voqea yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston davlat rahbari Emomali Rahmon o‘rtasidagi uchrashuv zamonaviy diplomatiyaning nafaqat siyosiy, balki sivilizatsion va madaniy o‘lchamlarini ham o‘zida mujassam etdi. Ushbu tashrifni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilganda, u “tarixiy meros diplomatiyasi” konsepsiyasining yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, davlatlar o‘rtasidagi aloqalar faqat iqtisodiy yoki siyosiy manfaatlar asosida emas, balki umumiy tarix, qadriyatlar va ma’naviy merosga tayangan holda mustahkamlanadi.
Mazkur tashrif davomida davlat rahbarlarining qadimiy va muqaddas maskanlarga borishi tasodifiy emas, balki chuqur ramziy mazmunga ega. Xususan, Ismoil Somoniy maqbarasiga tashrif Markaziy Osiyoda davlatchilik va madaniy uyg‘onish davriga hurmat ifodasi bo‘ldi. Somoniylar davri tarixda “Sharq Renessansi”ning ilk bosqichlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Aynan shu davrda ilm-fan, adabiyot, me’morchilik va hunarmandchilik yuksak darajada rivojlangan. Ismoil Somoniy shaxsi esa adolatli boshqaruv, ilm ahliga homiylik va milliy davlatchilik an’analarini shakllantirish bilan ajralib turadi. Uning maqbarasi oldida amalga oshirilgan tashrif, aslida, tarixiy ildizlarga qaytish va ularni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish g‘oyasini anglatadi.
Shuningdek, Bahouddin Naqshband majmuasiga tashrif tashqi siyosatda ma’naviy diplomatiyaning muhim vositasi sifatida talqin qilinishi mumkin. Naqshbandiya tariqati inson qalbini poklash, jamiyatda halollik va mehnatsevarlikni targ‘ib qilishga qaratilgan falsafiy ta’limotdir. “Dil ba yoru, dast ba kor” tamoyili bugungi kunda ham ijtimoiy barqarorlik va axloqiy yetuklikning muhim mezoni sifatida qaraladi. Ushbu maskanga tashrif orqali davlat rahbarlari jamiyat taraqqiyotida ma’naviyatning o‘rni beqiyos ekanligini yana bir bor ta’kidladilar.
Tashrif doirasida Ark qal'asiga borish esa tarixiy ongni tiklash va davlatlilik an’analarini chuqur anglash jarayonining muhim qismi sifatida e’tiborga loyiqdir. Ark qal’asi – bu nafaqat me’moriy yodgorlik, balki ko‘p asrlar davomida siyosiy hokimiyat markazi bo‘lib xizmat qilgan noyob tarixiy makondir. Bu yerda qabul qilingan qarorlar, yuritilgan siyosat va shakllangan boshqaruv tizimi bugungi zamonaviy davlat boshqaruvi uchun ham muhim tarixiy tajriba manbai hisoblanadi. Ark devorlari orasida mujassam bo‘lgan tarix – bu xalqning siyosiy tafakkuri, madaniyati va ijtimoiy hayotining aksidir.
Mazkur tashrifdan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni ilmiy asosda quyidagicha kengaytirish mumkin. Avvalo, tarixiy-madaniy merosni asrash va restavratsiya qilish jarayonlari zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida olib borilishi zarur. Bu borada arxeologiya, restavratsiya, tarix va madaniyatshunoslik fanlari integratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir tarixiy obida – bu noyob ilmiy manba bo‘lib, uni saqlash va o‘rganish milliy o‘zlikni anglashning muhim shartidir.
Tarixiy maskanlarni ta’lim tizimiga chuqur integratsiya qilish dolzarb vazifalardan biridir. Yosh avlodni ushbu obidalar orqali tarbiyalash, ularda tarixiy ong va milliy g‘ururni shakllantirish strategik ahamiyatga ega. Bu esa, o‘z navbatida, barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida umumiy tarixiy merosni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish zarur. Qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar, ilmiy konferensiyalar va akademik almashinuv dasturlari ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Tarixiy turizmni rivojlantirish orqali ushbu maskanlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish muhim iqtisodiy va madaniy samaralar beradi. Bu jarayon nafaqat milliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki mamlakatning xalqaro imijini ham mustahkamlaydi.
Mazkur tashrif – bu oddiy siyosiy voqea emas, balki tarix, ma’naviyat va zamonaviy taraqqiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalovchi muhim sivilizatsion hodisadir. U o‘tmish merosini anglash orqali kelajakni barpo etish g‘oyasini ilgari suradi. Eng muhimi, bu tashrif ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlab, umumiy tarixiy ildizlarga tayangan holda yangi taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi.
Shu nuqtai nazardan, tarixiy obidalarni asrash, ularni ilmiy jihatdan o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish bugungi kunning strategik vazifasiga aylanmoqda. Zero, tarixni anglagan jamiyatgina kelajakni ongli ravishda qurishga qodir bo‘ladi. Mazkur tashrif esa aynan shu g‘oyaning amaliy ifodasi sifatida tarix sahifalarida o‘zining munosib o‘rnini egallaydi.