


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 08.10.2019-yildagi PF-5847-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasi universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatish maqsadida Istanbul shahrida xizmat safarida boʻlib turibdi.
Ilk tashrif Yildiz Texnika universitetida boʻldi. Universitet rektori Eyüp Debik bilan uchrashuvda ikki oliygoh oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan masalalar boʻyicha kelishib olindi va anglashuv memorandumi imzolandi.
Unga koʻra, Buxoro davlat pedagogika instituti va Yildiz Texnika universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, yozgi maktablar faoliyatini olib borish, magistratura va doktorantura talabalari uchun ilmiy rahbarlik qilish, tan olinadigan ikki diplomli yoʻnalishlar ochish, Erasmus+ va boshqa grant dasturlari boʻyicha hamkorlikda ishlash masalalari boʻyicha kelishuvga erishildi.
Yildiz Texnika universiteti bilan hamkorlik masalalari oldinroq boshlangan boʻlib, oʻtgan yillar davomida universitet professorlari Buxoro davlat pedagogika instituti talabalariga dars berish maqsadida tashrif buyurishgan. Institut rektorining mazkur tashrifi ikki oliygoh oʻrtasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanishi uchun muhim qadam boʻlib hisoblanadi.