shape
shape

Talabalar sportini rivojlantirish - zamonaviy ta’limning muhim talabi

  • Bosh sahifa
  • Talabalar sportini rivojlantirish - zamonaviy ta’limning muhim talabi
Event Image

Talabalar sportini rivojlantirish - zamonaviy ta’limning muhim talabi

Bugungi globallashuv va jadallik bilan rivojlanayotgan davrda har bir sohada yuqori samaradorlikka erishish uchun nafaqat bilim, balki jismoniy salomatlik ham muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, talaba yoshlarning har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib shakllanishida sport va jismoniy faollikning o‘rni beqiyosdir. Shu boisdan talabalar sportini rivojlantirish zamonaviy ta’lim tizimining eng muhim talablaridan biri sifatida qaralmoqda. Joriy yilning 7-aprel sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ustvor vazifalar belgilab berildi. So‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgani, joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshlagani ta’kidlandi. Sport bilan professional tarzda shug‘ullanadigan yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalarimiz sportchilari 2 barobar, paralimpiya bo‘yicha 3 barobar ko‘paygani aytib o‘tildi. Hozirda olimpiya sport turlari bo‘yicha 26 ta federatsiyaning har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari boshchilik qilmoqda. O‘tgan yili viloyat hokimlari joylarda olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha Prezident vakili etib tayinlanganlari aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, soha mutasaddilari, hokimlar, 26 ta federatsiya rahbari 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatiga borib, rahbarlari va jamoasiga chempion tayyorlash, olimpiadaga litsenziya olish bo‘yicha sharoit qilib berganida hozirgi yutuqlar yanada yuqori bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Avvalo, sport inson salomatligini mustahkamlovchi asosiy vositalardan biridir. Talabalar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish ularning nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatini ham yaxshilaydi. Doimiy sport bilan shug‘ullanish stressni kamaytiradi, diqqatni jamlash qobiliyatini oshiradi va o‘quv jarayonida yuqori natijalarga erishishga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sport talaba yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni rivojlantiradi. Jamoaviy o‘yinlar orqali hamkorlik, mas’uliyat, liderlik kabi muhim ko‘nikmalar shakllanadi. Bu sifatlar esa kelajakda ularning kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, sport nafaqat sog‘lom turmush tarzini shakllantiradi, balki shaxs kamolotiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport mashg‘ulotlarini ommalashtirish va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish muhimdir. Zamonaviy texnologiyalar yordamida sport dasturlarini joriy etish ham talabalar qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Aytish joizki talabalar sportini rivojlantirish — sog‘lom, bilimli va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashning muhim shartidir.

Zero, sog‘lom avlod — jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.

BuxDPI Jismoniy madaniyat fakulteti  dekani  p.f.f.d.( (PhD), professor.                           

Nurullayev Abduhamid Ro‘zimboyevich