


Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan muloqot mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilganini yana bir bor namoyon etdi. Unda ta’lim, innovatsiya, tashabbuskorlik va ijtimoiy faollik bilan bir qatorda ma’naviy taraqqiyot, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
“Kitob-millat taqdiri” degan g‘oya bugun shunchaki badiiy ifoda emas, balki strategik yondashuv sifatida namoyon bo‘lmoqda. Chunki intellektual salohiyatni yuksaltirish, raqobatbardosh mutaxassis tayyorlash va innovatsion fikrlashni shakllantirish avvalo mutolaa madaniyati bilan bog‘liq. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu jarayonda kitobxonlik faqat madaniy jarayon emas, balki ijtimoiy taraqqiyot omili sifatida qaralmoqda. Mutolaa inson tafakkurini chuqurlashtiradi, tahliliy fikrlashni shakllantiradi va ijodiy yondashuvni rag‘batlantiradi. Ayniqsa, aniq va tabiiy fanlar sohasida tahsil olayotgan yoshlar uchun kitob-ilmiy izlanishning poydevori, innovatsiyaning manbaidir. Ilm-fan va texnologiyalar rivojida muvaffaqiyatga erishish uchun mustahkam nazariy baza va keng dunyoqarash talab etiladi. Bu esa mutolaa orqali shakllanadi.
Bugungi global raqobat sharoitida bilim va g‘oya asosiy resursga aylangan. Shu bois kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish-bu shaxsiy rivojlanish masalasi emas, balki milliy taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismi hisoblanadi. Yoshlar bilan ishlash tizimida kitobxonlikni targ‘ib etish, ilmiy va ijodiy muhitni kuchaytirish, talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ta’lim muassasalarida mutolaa muhitini shakllantirish, ilmiy bahs-munozaralar maydonini kengaytirish va ijodiy faollikni rag‘batlantirish orqali yoshlarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish mumkin.
“Kitob-millat taqdiri” degan tamoyil amalda quyidagi ma’noga ega:
-kitobxon avlod - tafakkurli jamiyat;
-tafakkurli jamiyat - innovatsion taraqqiyot;
-innovatsion taraqqiyot - barqaror kelajak.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi muloqotda ilgari surilgan g‘oyalar yoshlarning faqat faol ishtirokchi emas, balki taraqqiyotning asosiy drayveri sifatida qaralayotganini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan, kitobxonlik va ijodni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizning intellektual salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, bugun kitob-ma’naviy boylik ramzi emas, balki strategik resursdir. Uni qadrlagan va undan samarali foydalangan avlod mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat
va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i D.Bozorov