


Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov sport sohasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv sportni rivojlantirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim va mashg‘ulot jarayonlarini yanada samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida ochiq va samimiy muloqot tashkil etilib, sportchi-talabalar o‘z yutuqlari, kelgusidagi maqsadlari, respublika hamda xalqaro musobaqalardagi ishtiroklari haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, ular tomonidan mavjud muammolar, taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Har bir murojaat atroflicha tinglanib, amaliy yechimlar yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
👍 Rektor o‘z nutqida institutda sport infratuzilmasini mustahkamlash, zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlash, murabbiylik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda iqtidorli sportchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, sport – yoshlar tarbiyasi, sog‘lom turmush tarzi va yuksak maqsadlar sari intilishning muhim omilidir.
Uchrashuv jarayonida 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev (https://t.me/Press_Secretary_Uz/7050) tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot mazmuniga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash va ularni xalqaro maydonda munosib ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha ilgari surilgan taklif va imkoniyatlar yana bir bor eslatib o‘tildi.
Xususan, davlat rahbari tomonidan sportchi-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning ta’lim olish jarayonini sport faoliyati bilan uyg‘unlashtirish borasida bildirilgan tashabbuslar sportchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Yakunda sportchi-talabalar o‘z minnatdorliklarini bildirib, yaratilayotgan imkoniyatlar ularga yanada katta natijalarga erishish uchun mustahkam turtki bo‘layotganini ta’kidlashdi. Uchrashuv ko‘tarinki ruhda, konstruktiv va samarali muloqot shaklida o‘tdi.