


Bugun Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro davlat pedagogika institutining Harbiy ta’lim fakultetiga tashrif buyurdi.
🔊 Tashrif davomida fakultetda olib borilayotgan o‘quv-tarbiyaviy jarayonlar, moddiy-texnik baza holati, o‘quv xonalari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar faoliyati, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
🔊 Viloyat hokimi institut rahbariyati hamda pedagogik jamoa bilan muloqot jarayonida ta’lim sifatini yanada oshirish, harbiy ta’lim yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, talabalarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha qator muhim taklif va tavsiyalar berdi.
🔊Tashrif doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda talabalar tomonidan bildirilgan taklif, tashabbus va muammolar bevosita tinglandi. Ularning bir qismi joyida hal etildi, amaliy yechim talab qiladigan masalalar esa tegishli mutasaddi tashkilot va rahbarlarga ijro uchun topshirildi.
🔊 Mazkur tashrif Harbiy ta’lim fakultetida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.