

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 24-fevral kuni mamlakatimiz yoshlari ishtirokida o‘tkazgan navbatdagi uchrashuvi ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbari yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida so‘nggi yillarda yoshlarimizning yurtimiz obro‘sini yanada yuksakliklarga ko‘tarib jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalni qo‘lga kiritgani, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida 500 nafard, dunyo reytingida TOP-100 da tahsil olayotgan yoshlarimiz 3,5 ming nafardan oshgani, yoshlarimiz tomonidan yaratilgan 63 ta startap loyiha AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar bozoriga kirib borgani, yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalining sohibi bo‘lganini faxr bilan tilga oldi.
Prezidentimiz Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohining tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilishini qayd etib o‘tdi. Dunyoda kun sayin yoshlar ongini egallash bo‘yicha yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda barcha darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha ish tartibiga o‘tishi zarurligi, “albatta, yangi metodika va innovatsiya olib kirib, ta’lim sifatini oshirish va bolalarni o‘z kasbining ustasi qilish haqida izlanadigan rahbarning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi, ishiga yangicha muhit kiradi”, – deb ta’kidladi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan yurtimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi va bunda sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitib, ularning muammolarini hal qilishlari lozimligi topshirildi. Unga ko‘ra, hokimlar yoshlarbop savdo-servis loyihalarini qiladi, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganib, ishga kirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga, startap loyihalarga ko‘maklashadi, ular uchun alohida mablag‘ va grantlar ajratadi. Qiziqarli mavzularda tanlovlar va yarmarkalar o‘tkazilishiga rahbarlik qiladi.
Har yili mehnat bozoriga 600 ming yoshlarning kirib kelayotganini inobatga olib, ularga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish – eng muhim masala ekani qayd etildi. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar ajratiladi. Xususan, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, 50 ming kishini ish bilan ta’minladi. O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish (hozir 5 milliard so‘mgacha) mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqayotgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
Davlatimiz rahbari yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari ortayotgani, ularni bundan keyin ham doim qo‘llab-quvvatlash lozimligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Chunki, xorijiy til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon va o‘qish xarajatini qoplash yo‘lga qo‘yilgani katta samara berdi. Bugungi kunda til sertifikatiga ega yoshlar 600 mingdan oshdi. Eng muhimi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 mingta instruktor paydo bo‘ldi. Yaratilgan sharoitlar hisobiga xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshdi. Mazkur yo‘nalishdagi yosh tadbirkorlar o‘quv markazlari uyushmasini tashkil qilish tashabbusi Prezidentimiz tomonidan ma’qullandi. Endilikda uyushmaga a’zo bo‘lgan xususiy o‘quv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi va markazlarning o‘qituvchilarini Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “Ko‘mak” dasturi doirasida 130 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilgani uchun olis va chekka hududlarda olti oy ichida xorijiy til o‘rgatadigan 120 dan ziyod o‘quv markazi ish boshlagani, bunday o‘quv markazlarini tashkil qilib, tajriba orttirgan yosh tadbirkorlar atrofida AT va zamonaviy kasb markazi, kutubxona, sport to‘garaklarini ochish zaruriyati paydo bo‘layotgani, “Ko‘mak” loyihasi doirasida o‘z biznesini boshlab, yaxshi natija ko‘rsatayotgan yoshlar faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilishi, olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘lashi, ulardagi o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i 7,5 foiz bo‘lishi ta’kidlandi. Yoshlar ishlari agentligiga xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga o‘qitish dasturini ishga tushirish, har bir tumanga 500 million so‘mgacha ssuda ajratib, texnikum va o‘quv markazlarida kasb-hunar laboratoriyasini tashkil qilish topshirildi.
Prezidentimiz uchrashuvda ishtirok etgan mutasaddilarning ham fikr-mulohaza va takliflarini tingladi. Samimiy o‘tgan uchrashuvda yoshlarning tashabbuslari o‘rganilib, tegishli rejalar belgilab olindi. Prezidentimiz yoshlarga yuksak ishonch bildirib, “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, – deya ta’kidladi. Prezidentimizning mazkur tashabbuslari yurtimizdagi har bir vazir, hokim, tegishli ta’lim muassasalari rahbarlari hamda boshqa mas’ullar o‘z hududidagi yoshlarni til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya va startap loyihasiga ko‘mak berishlari, ularni ishli va daromadli qilib, birorta yoshni e’tibordan chetda qoldirmaslikka yanada mas’uliyat bilan yondashib ishlashlari lozimligini anglatadi. Chunki, yoshlar masalasi davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bahodir Ma’murov,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor