

Buxoro davlat pedagogika institutiga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Aliqulovich Qarshiyev tashrif buyurdi.
Tashrif davomida general-mayor institutning Axborot-resurs markazi faoliyati, kutubxona fondi hamda talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, mavjud adabiyotlar bazasi, ilmiy va badiiy kitoblar fondining boyligi hamda undan foydalanish imkoniyatlari yuqori baholandi.
Shuningdek, tashrif doirasida iqtidorli talabalar bilan samimiy uchrashuv va muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda talabalar tomonidan she’rlar o‘qilib, ularning ijodiy ishlari namoyish etildi. Mazkur jarayon yoshlarning ma’naviy dunyoqarashi, ijodiy salohiyati va bilimga bo‘lgan intilishlarini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida general-mayor Hamdam Qarshiyev tomonidan institut kutubxona fondini boyitish hamda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zi olib kelgan kitoblar tantanali ravishda sovg‘a qilindi. Ushbu kitoblar nafaqat talabalar, balki keng kitobxonlar ommasi uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mazkur tashrif institutda ta’lim-tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish, yoshlar ongida vatanparvarlik, ma’naviy yetuklik va bilimga intilish kabi fazilatlarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.