


Ayni damda Buxoro davlat pedagogika institutida ilm-fan va ma’rifat yo‘lida muhim uchrashuv hamda nufuzli ilmiy anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Institutga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor, akademik Azamat Ziyo hamda Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashib, yurtimiz tarixini chuqur va ilmiy asosda o‘rganish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, mehmonlar institutdagi har bir kafedra tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Unda kafedralarning ilmiy salohiyati, talabalarning ijodiy ishlari, innovatsion loyihalari, amaliy ishlanmalari hamda erishilgan yutuqlari namoyish etildi. Taqdim etilgan ishlanmalar mehmonlarda katta taassurot qoldirib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning izlanishlari, tashabbuskorligi hamda zamonaviy yondashuvlari alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida institutda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti ham yuqori baholandi. Xususan, axborot-resurs markazi, sun’iy intellekt xonalari, inklyuziv ta’lim uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda robototexnika laboratoriyalaridagi ilg‘or texnologiyalar ta’lim jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, institutda “Jadidchilik milliy harakati: Abdurauf Fitrat” mavzusidagi umumxalq ilmiy yig‘in ham bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur anjumanda taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etib, jadidchilik harakatining milliy uyg‘onish tarixidagi o‘rni, Abdurauf Fitratning boy ilmiy-ma’rifiy merosi, adabiy faoliyati hamda mustaqil tafakkur taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’ruzalar tinglanmoqda.
Ilmiy yig‘in ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, tarixiy xotira, milliy qadriyatlar va ma’rifatparvar ajdodlar merosini chuqur anglashga xizmat qilmoqda.