


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi farmonlari ijrosi doirasida 2026 yil 25 fevral kuni Buxoro davlat pedagogika instituti Rus tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostida yirik ma’naviy-ma’rifiy tadbir — Maslenitsa bayrami yuqori saviyada tashkil etildi va o‘tkazildi.
Tadbirni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M.M. Bafayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar talaba-yoshlar qalbida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Bayram davomida talabalar Maslenitsa an’analariga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar, she’rlar o‘qidilar, qo‘shiqlar ijro etdilar hamda raqslar tushdilar. Shuningdek, bayramning tarixi, uning mazmun-mohiyati va xalqona urf-odatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi. Turli tanlovlar va chiqishlar orqali tadbir ishtirokchilari bayramona kayfiyatni yanada ko‘tardilar.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarning madaniy dunyoqarashini boyitishga, turli xalqlar an’analariga hurmat ruhini mustahkamlashga hamda “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi.