


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha o‘tkazgan ochiq muloqoti barchamiz uchun muhim voqea dasturilamal boʻlib, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro hayotida, ayniqsa, yoshlar hayotida tub burilish boʻldi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yoshlarni doimo qoʻllab-quvvatlash borasidagi aniq maqsad va yoʻnalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishlari, innovatsion loyihalarni rivojlantirishlari, zamonaviy kasblarni chuqur egallashlari boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Mazkur tashabbuslar, avvalo, mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan yuksak ishonchni ifodalaydi.
Muhtaram ziyoli ustozlar!
Azaldan oʻzining buyuk allomalari, ilm-fan markazi boʻlib kelgan Buxoroyi sharif bugun ham oʻzining salohiyatli va bilimdon yoshlari bilan dunyoni lol qoldirmoqda. Ushbu bildirilgan yuksak ishonch esa har birimizdan faoliyatga mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ifodalaydi. Chunki, eng muhim vazifamiz – buyuk allomalarimiz qoldirgan merosdan unumli foydalanib, hozirgi zamonaviy texnologiyalar va innovatsion rivojlanishni tizimli davom ettirishdan iborat.
Aziz professor-oʻqituvchilar!
Buxoro davlat pedagogika instituti sifatli ta’lim maskani, shuningdek, bir-biridan bilimdon va yetuk mutaxassis boʻlishga har tomonlama harakat qilayotgan talabalar tahsil oladigan bilim dargohidir. Har bir professor-oʻqituvchi oʻzining ilmiy izlanishi va tashabbuskorligi bilan talabalarga oʻrnak boʻlmogʻi zarur.
Qadrli talaba-yoshlar!
Siz, aziz yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarni koʻrib xursand boʻlamiz. Mamlakatimizda ulgʻayib, ta’lim olayotgan har bir yosh avlod hayotda oʻz oʻrnini topishi, yurtimiz taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshishi muhimdir. Buning uchun ta’lim maskanimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Teran fikrlaydigan, bilimga chanqoq talaba-yoshlarimizni xorijiy va davlatimizda o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarda, grantlarda, startap loyihalarda faol ishtirok etishlariga chorlayman. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanish, oʻz tashabbusingizni namoyon qilish davri keldi. Institutimiz talaba-yoshlarining 2028-yilda Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiada va paralimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, yuksak marralarni egallashlari, nafaqat institutimiz, balki yurtimiz obroʻsini yanada yuksaklarga koʻtarishiga ishonamiz va buning uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solamiz.
Muqaddas oyda ezgu niyatlar bilan qilayotgan sa’y-harakatlarimiz va rejalashtirgan ishlarimiz bilan institutimiz salohiyatini yanada rivojlantirib, respublika va xalqaro miqyosdagi ta’lim va innovatsiya markaziga aylantirishimizga ishonchim komil. Bu yoʻlda barchangizga muvaffaqiyat yor boʻlsin!
B.B.Ma’murov,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor