

Buxoro davlat pedagogika instituti faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Aliqulovich Qarshiyev ishtirokida “General va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuvni institut rektori Bahodir Ma’murov ochib berib, mehmonni samimiy qutladi hamda bu kabi uchrashuvlarning yoshlar tarbiyasida, ularning dunyoqarashi va hayotiy pozitsiyasini shakllantirishdagi o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy soha, vatanparvarlik tarbiyasi, yoshlar oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. General-mayor Hamdam Qarshiyev tomonidan berilgan batafsil va mazmunli javoblar yoshlar uchun muhim hayotiy saboq bo‘ldi.
Tadbir ochiq muloqot, samimiy suhbat va o‘zaro fikr almashish ruhida o‘tdi. Bu esa yoshlarning faolligini oshirish, ularni mustaqil fikrlashga undash hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, haftaning har payshanba kuni yurtimizda “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanib, bu kabi uchrashuv va muloqotlar aynan yoshlarning manfaatlarini ko‘zlab, ularning ma’naviy-axloqiy kamolotini yuksaltirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Mazkur uchrashuv yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashga, ularning kelajakda yetuk va mas’uliyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiluvchi muhim omil boʻlib xizmat qiladi.