


Ayni damda Buxoro davlat pedagogika institutida “Tashabbuskor ayol-qizlar marafoni” yuqori kayfiyat va katta qiziqish bilan davom etmoqda. Tadbir doirasida mehmonlar institutda talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim muhiti hamda imkoniyatlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Forum davomida yurtimizning faol va muvaffaqiyatli ayol liderlari talaba-qizlar bilan uchrashib, o‘z hayotiy tajribasi, erishgan yutuqlari va muvaffaqiyat sirlari bilan o‘rtoqlashmoqda. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, “Qizlar Akademiyasi” loyihasi rahbari Marjona Jurakulova, “Miss Universe Uzbekistan 2024” hamda modellik kursi mentori Nigina Faxriddinova va Uzum Market’da savdo kursi mentori Xotamova Xosiyatxon talaba-qizlar bilan samimiy muloqot olib bormoqda.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, biznes, liderlik, shaxsiy rivojlanish va zamonaviy kasblar bo‘yicha foydali tavsiya hamda motivatsion fikrlarga ega bo‘lmoqda. Forum yoshlarni tashabbuskorlikka undash, yangi imkoniyatlarni kashf etish va o‘z ustida ishlashga ruhlantirayotgan muhim maydonga aylanmoqda.
“Tashabbuskor ayol-qizlar marafoni” ishtirokchilarga motivatsiya, yangi bilim va katta maqsadlar sari ilhom ulashmoqda.