


Buxoro davlat pedagogika institutida bitiruvchi talabalar bilan ochiq muloqot va fikr almashishga qaratilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kelgusi mehnat faoliyatiga yo‘naltirish hamda dolzarb masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tadbirda institut rektori Bahodir Ma’murov, Buxoro shahar prokurori Sobir Qurbonov, shahar hokimligi mutasaddi rahbarlari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari, shuningdek tijorat banklari mas’ullari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida bitiruvchi talabalarning kelgusidagi faoliyati, ularning bandligini ta’minlash hamda kasbiy rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Muloqot jarayonida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar hamda davlat dasturlari orqali yangi imkoniyatlar yaratish masalalari keng muhokama qilindi. Shu bilan birga, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasidagi muhim jihatlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida bitiruvchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, soha mutaxassislaridan amaliy tavsiyalar va foydali maslahatlar oldilar. Shuningdek, yoshlarning taklif va tashabbuslari mutasaddilar tomonidan diqqat bilan tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi. Bandlik masalasida ko‘mak so‘ragan bitiruvchilarga ularning mutaxassisligi bo‘yicha mavjud bo‘lgan ish o‘rinlari ham taklif etildi.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi hamda yoshlarning kelajak rejalari, kasbiy faoliyati va hayotiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur tadbir yoshlar va rahbarlar o‘rtasida ochiq muloqotni mustahkamlash, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.