


Buxoro davlat pedagogika institutida “Turkiston taraqqiyparvarlari merosi: tarixiy tajriba va milliy o‘zlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur anjuman ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini shakllantirishdagi beqiyos hissasi, ularning ibratli hayoti, faoliyati hamda boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga bag‘ishlandi.
Konferensiya davomida jadid ma’rifatparvarlarining xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni, ularning milliy uyg‘onish jarayonidagi xizmatlari, ilm-fan va ta’lim taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish, tarixiy merosini keng targ‘ib qilish hamda ushbu bebaho boylikni yosh avlod ongiga singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalarining nomlarini tiklash, ularning jasorati va matonati misolida yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ayniqsa, yosh avlodda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, milliy merosga hurmat ruhini shakllantirish hamda ularda mustahkam g‘oyaviy immunitetni qaror toptirishda jadid ma’rifatparvarlarining ibratli faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada xorijiy mamlakatlar va respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining yetuk olimlari, professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy tadqiqotchilari faol ishtirok etdilar. Jumladan, AQShning Michigan universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘li, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, akademik, T.N.Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori Ibraimov Xolboy Ibragimovich, Buxoro davlat universiteti professori Hayitov Shodmon Ahmadovich, Buxoro davlat universiteti professori, falsafa fanlari doktori Huseynova Abira Amanovna, Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Vohidov Shodmon Husenovich hamda boshqa yetuk mutaxassislar o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Anjuman doirasida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar hamda iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan tezis va ilmiy maqolalar taqdim etilib, Turkiston jadidchilik harakatining tarixiy merosi, uning bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati hamda milliy o‘zlikni anglash jarayonidagi o‘rni yuzasidan qator ilmiy-nazariy masalalar keng muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya jadid ma’rifatparvarlarining boy merosini chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda tarixiy xotirani asrash va targ‘ib etish borasidagi muhim ilmiy muloqot maydoniga aylandi.