shape
shape

XALQARO HAMKORLIKDA YANGI BOSQICH

XALQARO HAMKORLIKDA YANGI BOSQICH

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov hamda Moskva davlat pedagogika universiteti rektori Aleksey Lubkov o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Memorandum doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab talabalar uchun bir semestrlik akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Moskva davlat pedagogika universiteti talabalari hamda professor-o‘qituvchilari uchun o‘zbek tili, madaniyati va san’atiga oid qo‘shma onlayn kurslarni tashkil etish, professor-o‘qituvchilarning xalqaro ilmiy va madaniy tadbirlardagi ishtirokini kengaytirish rejalashtirildi. Shuningdek, qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlarini ishlab chiqish, Buyuk Ipak yo‘lining O‘zbekiston va Rossiya tarixiy-madaniy aloqalaridagi o‘rnini o‘rganishga qaratilgan ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Moskva davlat pedagogika universiteti talabalari uchun Buxoroning tarixiy maskanlariga ekskursiya hamda amaliyot dasturlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakatning boy madaniy merosini targ‘ib etishga xizmat qiluvchi ko‘rgazma, konsert va teatr loyihalarini amalga oshirish, yozgi va qishki maktablarni tashkil etish, malaka oshirish va ilmiy stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish, dissertatsiya tadqiqotlariga ikki tomonlama ilmiy rahbarlikni rivojlantirish hamda xalqaro konferensiya, seminar va vebinarlarni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Memorandum doirasida Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida qo‘shma ilmiy maqolalarni chop etish orqali ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan va ta’lim sohasidagi integratsiyani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.