


Ayni damda Buxoro davlat pedagogika institutida muhim uchrashuv va samimiy muloqot jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Tashrif doirasida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Robaxon Maxmudova ishtirokida rahbarlar va talaba-yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.Uchrashuv avvalida mehmon institutda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar hamda ilmiy salohiyatni yuksaltirish borasida erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, institutda talabalarga yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, zamonaviy o‘quv auditoriyalari, innovatsion laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, sport majmualari hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilayotgan keng imkoniyatlar yuqori baholandi.
Ayniqsa, axborot-resurs markazi, sun’iy intellekt xonalari, inklyuziv ta’lim xonasi hamda robototexnika laboratoriyalarida yaratilgan sharoitlar ta’lim jarayonini zamonaviy, innovatsion va amaliy yo‘nalishda rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.Ochiq va samimiy muloqot davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdilar. Suhbat jarayonida yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar masalasiga alohida e’tibor qaratish, hududiy partiya tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga faol daxldorlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qilmoqda.Bunday ochiq muloqotlar yoshlar va rahbariyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, ta’lim tizimidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.