


2026-yil 25-mart kuni Buxoro davlat pedagogika institutida yurtimizning ko‘p asrlik tarixiy merosi, boy madaniyati, urf-odat va an’analarini yoshlar orasida keng targ‘ib etish maqsadida “Milliy qadriyatlar festivali” bo‘lib o‘tadi. Mazkur festival milliy o‘zligimizni anglash, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan bebaho qadriyatlarni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida milliy liboslar namoyishi, xalq og‘zaki ijodi namunalariga bag‘ishlangan chiqishlar, qadimiy urf-odat va an’analarni aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, shuningdek, hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Talabalar tomonidan tayyorlanayotgan ijodiy chiqishlar esa festivalga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi.
Shu bilan birga, festival bahorning eng go‘zal ayyomi — Navro‘z bayrami ruhida o‘tkaziladi. Navro‘z asrlar davomida xalqimiz tomonidan nishonlab kelinayotgan, yangilanish, mehr-oqibat va ezgulik timsoli bo‘lgan muqaddas bayramdir. Ushbu bayramda insonlar qalbida mehr-muhabbat, tabiatga e’tibor, yaxshilik qilishga intilish tuyg‘ulari yanada kuchayadi. Festival davomida Navro‘zga xos bo‘lgan milliy taomlar, xususan sumalak va halim tayyorlash jarayonlari, xalq o‘yinlari va sayillar ham namoyish etiladi.
Mazkur festival yoshlar ongida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.