Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin!
shape
shape

Yoshlarga berilgan yuksak ishonch – taraqqiyotning mustahkam poydevori

  • Bosh sahifa
  • Yoshlarga berilgan yuksak ishonch – taraqqiyotning mustahkam poydevori

Yoshlarga berilgan yuksak ishonch – taraqqiyotning mustahkam poydevori

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti, ularga bo‘lgan yuksak ishonch va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qadamlar bilan belgilangan. Yoshlarni ishga joylashtirish, tadbirkorlikka, ta'limga, ijtimoiy faollashtirishga qizmat ko‘rsatish bo'yicha amaliy ko'plab tashabbuslar kiritilmoqda, masalan, garovsiz kreditlar, innovatsiya dasturlari, “Mening birinchi kasbim” nomli stajirovka dasturi, “dual ta'lim”ni kengaytirish hamda grantlar tizimi joriy etilmoqda. 22 milliondan o'tgan yoshlarga qaratilgan strategik yondashuvlar orqali mamlakat kelajagini mustahkamlangan sarmoya sifatida rivojlantirish uchun tizimli ishlash maqsadga muvofiq tushadi.

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimiz yoshlari hayotida tarixiy ahamiyat kasb etadigan muhim voqea bo‘ldi. Ushbu uchrashuvni Buxoro davlat pedagogika instituti magistranti hamda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi rahbari sifatida katta masʼuliyat va faxr bilan kuzatdim.

Mazkur muloqot, avvalo, davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi va eʼtiborining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. 22 milliondan ziyod yoshlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ularni qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, har bir vazir va hokim zimmasiga aniq vazifa yuklash – bu oddiy bayonot emas, balki kuchli siyosiy irodaning namunasidir.

Bugungi kunda har yili yuz minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Bu jarayon davlatdan tizimli va uzoqni ko‘zlagan yondashuvni talab etadi. Yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit limitlarining oshirilishi, “Kelajak tadbirkori” dasturining yo‘lga qo‘yilishi yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan strategik qarordir. Аyniqsa, garovsiz kreditlar, innovatsion startaplarga investitsiya kiritish imkoniyatlari yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Taʼlim tizimiga oid tashabbuslar biz, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun ayniqsa dolzarbdir. “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali bitiruvchilarga stajirovka asosida tajriba orttirish va stipendiya olish imkoniyati yaratilayotgani yosh mutaxassislarning kasbiy shakllanishida muhim omil bo‘ladi. Texnikumlarda “dual taʼlim”ni kengaytirish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, xorijiy tajribani joriy etish – bularning barchasi taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Muloqot davomida volontyorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish, yoshlarning ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish tashabbuslari ilgari surilgani ham eʼtiborga molik. Yoshlar maslahat guruhi rahbari sifatida aytishim mumkinki, bunday mexanizmlar yoshlarning tashabbuskorlik salohiyatini yanada kuchaytiradi, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undaydi. Shuningdek, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ipoteka kreditlari bo‘yicha yengilliklar berish, kitobxonlikni rivojlantirish, eng yaxshi asarlarni taʼlim muassasalariga yetkazish tashabbuslari yoshlarning nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy jihatdan ham mustahkam bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi. Аyniqsa, har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangani joylardagi rahbarlar faoliyatida ochiqlik va masʼuliyatni kuchaytiradi. Endilikda yoshlar bilan ishlash tizimli, aniq va nazorat ostidagi jarayonga aylanadi.

Xulosa qilib aytganda, Ko‘ksaroydagi ochiq muloqot – bu yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan aniq yo‘l xaritasi va kelajakka qaratilgan mustahkam sarmoyadir. Ishonch bilan ayta olamanki, yaratilayotgan imkoniyatlar bizni yanada faol, tashabbuskor va masʼuliyatli bo‘lishga undaydi.

 

Rustamjon Rahimboyev,
Buxoro davlat pedagogika instituti magistranti,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi rahbari