shape
shape

Sport – millat salomatligi va taraqqiyotining mustahkam poydevori

  • Bosh sahifa
  • Sport – millat salomatligi va taraqqiyotining mustahkam poydevori
Event Image

Sport – millat salomatligi va taraqqiyotining mustahkam poydevori

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida erishilgan yutuqlarni sarhisob qilish bilan birga, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalarni aniq belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining “sport bu faqat musobaqa emas” degan fikri bugungi islohotlarning tub mohiyatini ochib beradi — ya’ni sport jamiyatning sog‘lom, intizomli va vatanparvar avlodini shakllantirish vositasidir.

Yig‘ilishda keltirilgan aniq raqamlar sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami naqadar keng ekanini ko‘rsatadi. So‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ortiq mahallada 1 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgani, 200 dan ziyod yirik sport inshootlari hamda qariyb 4 ming xususiy sport klublari faoliyat boshlagani – bu davlat va xususiy sektor hamkorligining samarali natijasidir. Ayniqsa, sport bilan professional shug‘ullanayotgan yoshlar sonining 2 barobar oshgani, olimpiya terma jamoasi a’zolari 2 barobar, paralimpiya yo‘nalishida esa 3 barobar ko‘paygani yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini anglatadi.

Xalqaro maydondagi natijalar esa bu sa’y-harakatlarning amaliy samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Birgina o‘tgan yil davomida sportchilarimiz tomonidan 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medallarning qo‘lga kiritilgani, 50 nafardan ortiq sportchilarimiz jahon va Osiyo rekordlarini yangilagani – bu nafaqat sportchilar, balki butun xalqimiz uchun faxr manbaidir. Bu natijalar O‘zbekistonning sport sohasidagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

           Tizimdagi boshqaruv masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda olimpiya sport turlari bo‘yicha 26 ta federatsiyaga vazirlar va yirik tashkilotlar rahbarlari boshchilik qilayotgani, hududlarda esa viloyat hokimlari Prezident vakili sifatida mas’ul etib belgilangani – sportni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganidan dalolat beradi. Shunga qaramay, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi hamda 16 ta sport internati imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Bu esa mavjud resurslar bilan natija o‘rtasida hali ham tafovut borligini ko‘rsatadi.

         Hududlar kesimida ijobiy tajriba sifatida Zarbdor tumani alohida e’tirof etildi. Bu yerda o‘tgan yilning o‘zida 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilgan. 3 ta yangi sport zali qurilib, ular stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashtirilgan. Bundan tashqari, tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta yopiq futbol maydoni va zamonaviy fitness klublari tashkil etilgan. Natijada, Zarbdor tumani ilk bor mamlakat chempionatiga mezbonlik qilish darajasiga chiqdi. Xuddi shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 14 nafar tadbirkor tomonidan 60 milliard so‘mlik sport inshootlari qurilgani xususiy sektorning ham bu jarayonda faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi. Biroq barcha hududlarda ham bunday natijalar kuzatilmayapti. Ayrim tumanlarda aholini ommaviy sportga jalb etish ishlari sustligi, rahbarlarning sportga befarqligi va tashabbus yetishmasligi keskin tanqid qilindi. Bu esa sportni rivojlantirish faqat markaziy qarorlar bilan emas, balki joylardagi mas’ul shaxslarning faoliyati bilan ham chambarchas bog‘liq ekanini yana bir bor isbotlaydi.

XULOSA: Yuqoridagi barcha ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda sportni rivojlantirish bo‘yicha mustahkam poydevor yaratilgan. Infratuzilma kengaymoqda, yoshlar qamrovi oshmoqda, xalqaro natijalar yaxshilanmoqda. Ammo endi asosiy e’tibor miqdordan sifatga o‘tishi lozim. Ya’ni mavjud sport inshootlarini samarali ishlatish, murabbiylar malakasini oshirish, sport maktablari va federatsiyalar faoliyatini kuchaytirish orqali yuqori natijadorlikka erishish muhim.

       Ayniqsa, hududlarda teng rivojlanishni ta’minlash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Zarbdor tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agar joylarda tashabbus, hamkorlik va aniq reja bo‘lsa, qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishish mumkin.

Shu bois har bir viloyat, tuman va mahalla kesimida sportni rivojlantirish aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yilishi zarur.

Kelgusida sportni nafaqat professional yo‘nalishda, balki ommaviy darajada ham keng rivojlantirish orqali sog‘lom jamiyat barpo etish mumkin. Chunki sport – bu faqat g‘alaba emas, balki sog‘lom avlod, kuchli iroda va yuksak maqsadlar sari intiluvchi millat timsolidir.

Nargiza Hakimova Supxonovna Maktabgacha va boshlang‘ich ta‘lim fakulteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha dekan o’rinbosari (PhD), dotsent Начало формы Конец формы