shape
shape

Sport – sog‘lom jamiyat poydevori: maktab va mahalladagi yangi bosqich

  • Bosh sahifa
  • Sport – sog‘lom jamiyat poydevori: maktab va mahalladagi yangi bosqich
Event Image

Sport – sog‘lom jamiyat poydevori: maktab va mahalladagi yangi bosqich

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.

“Sport bu faqat musobaqa emas, balki  turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch”, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgani, joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshlagani ta’kidlandi. Sport bilan professional tarzda shug‘ullanadigan yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalarimiz sportchilari 2 barobar, paralimpiya bo‘yicha 3 barobar ko‘paydi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida sportchilarimiz xalqaro arenalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medali sohibi bo‘lgani, ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangilangan.   

Yangi tashabbuslarga ko‘ra, endilikda mahallalarda sport natijadorligi nafaqat qamrov, balki aholining sog‘lomlik darajasi bilan ham baholanadi. “Salomatlik balansi” tizimi joriy etilib, yurak-qon tomir kasalliklari va diabet kabi xastaliklarning kamayishi asosiy mezonlardan biriga aylanadi.

Bundan tashqari, sport bilan faol shug‘ullanuvchi fuqarolar orasidan “sog‘lom hayot volontyorlari” korpusi shakllantiriladi. Ular mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilib, aholi o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Eng namunali mahallalar rag‘batlantirilib, sport anjomlari bilan ta’minlanadi, faol volontyorlar va mahalla raislari esa moddiy mukofot bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

Zamonaviy va qulay sport turi sifatida kross-fit mashg‘ulotlarini maktab va texnikumlarda joriy etish ham muhim qadam bo‘ldi. Bu sport turi maxsus jihozlarni talab qilmagani sababli keng ommalashishi va yoshlar orasida tez yoyilishi kutilmoqda. Kelgusida u “Besh tashabbus” tizimiga kiritilishi esa uning ahamiyatini yanada oshiradi.

Shuningdek, “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida yangi hamkorlik tizimi joriy etilib, barcha bo‘g‘inlar o‘zaro uzviy ishlashi ta’minlanadi. Oliygohlar, federatsiyalar va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlik sportni rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.

Dual ta’lim tizimi orqali sport yo‘nalishidagi talabalar amaliy murabbiylik faoliyatiga jalb etiladi. Ular nafaqat tajriba orttiradi, balki moddiy rag‘bat ham oladi. Bitiruvchilarga murabbiylik va hakamlik sertifikatlari berilishi esa ularning kasbiy rivojlanishiga keng yo‘l ochadi.

Xulosa:Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishlari sport sohasini rivojlantirishda yangi davrni boshlab bermoqda. Ushbu islohotlar orqali sport nafaqat musobaqa vositasi, balki sog‘lom hayot garovi sifatida qaralmoqda. Agar belgilangan vazifalar joylarda to‘liq va sifatli amalga oshirilsa, yaqin kelajakda sog‘lom, jismonan baquvvat va ma’nan yetuk avlodni tarbiyalashga erishamiz. Bu esa mamlakatimiz taraqqiyoti va kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

 

Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Malika Umedjanova Lukmanovna