


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, talaba-yoshlarning badiiy adabiyot va she’riyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buxoro davlat pedagogika instituti mezbonligida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida “She’riyat shaydolari” she’riy ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan edi.
Mazkur nufuzli tanlov uch bosqichda tashkil etildi va unda Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat texnika universiteti, Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Buxoro davlat pedagogika instituti talaba-yoshlari ishtirok etib, aruz she’riy tizimi vaznlarida yaratilgan asarlar, barmoq she’riy tizimi vaznlarida yaratilgan she’rlar, shukronalik, Vatanga sadoqat, elga muhabbat mavzusidagi she’riy asarlar hamda monolog namunasidan ifodali va yoddan ijro bo‘yicha o‘z iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishdi.
Buxoro shahridagi Ko‘hna va boqiy Buxoro hududida joylashgan muhtasham amfiteatrda tanlovning yakuniy – viloyat bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorlarini namoyon etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini, xususan, bugungi tanlov she’riyatga oshno qalblarni birlashtirib, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindor talaba yoshlarga dilom va pul mukofotlari, ularning ustozlariga esa tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi vaucherlar topshirildi.
Tadbir davomida erku istiqlolni, yoshlikni madh etuvchi she’rlar ijro etildi.
Institutning musiqiy ta’lim yo‘nalishi talaba-yoshlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi esa yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.