


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo, institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova hamda institut bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov Buxoro davlat pedagogika institutining Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakultetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar fakultetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim jarayonining sifati hamda Axborot-resurs markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, kutubxona fondini boyitish maqsadida tarixchi olimlar tomonidan mualliflik asosida chop etilgan qimmatli kitoblar Axborot-resurs markaziga sovg‘a qilindi. Mazkur tuhfa talaba-yoshlarning ilmiy izlanishlari, tarix faniga bo‘lgan qiziqishi va mustaqil tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida tashkil etilgan davra suhbatida talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga professor Qahramon Rajabov tomonidan batafsil, hayotiy tajriba va ilmiy asoslangan javoblar berildi. Suhbat davomida ilmiy izlanish olib borishning muhim jihatlari, tarix fanining bugungi kundagi dolzarb yo‘nalishlari, milliy tariximizni chuqur va xolisona o‘rganish zarurati, shuningdek, kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan mazmunli fikr almashildi.
Shuningdek, yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning tadqiqotchilik salohiyatini rivojlantirish, tarixiy merosimizni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodga yetkazish borasida qimmatli tavsiyalar bildirildi.Bunday uchrashuv va tashriflar ilm-fan taraqqiyotini jadallashtirish, tarixiy merosimizni chuqur tadqiq etish hamda yosh avlodni ma’rifat, vatanparvarlik va ilmga intilish ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.