

Buxoro davlat pedagogika institutida Kengashning 2025/2026-o‘quv yilidagi 11-yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida 2025/2026-o‘quv yili yakunlari, 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik holati, professor-o‘qituvchilar faoliyati samaradorligi, ta’lim sifati nazorati, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat, xalqaro hamkorlik, talabalar bilan ishlash hamda murojaatlar bilan ishlash tizimi bo‘yicha masalalar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan o‘quv yili davomida institutda ta’lim, ilm-fan, ma’naviy-ma’rifiy va sport yo‘nalishlarida muhim natijalarga erishildi. Xususan, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati oshdi, ilmiy nashrlar va xalqaro bazalardagi maqolalar soni ko‘paydi, xalqaro hamkorlik aloqalari kengaydi, talabalar tomonidan respublika va xalqaro miqyosdagi yutuqlar qo‘lga kiritildi. Shuningdek, ta’lim jarayonini raqamlashtirish, HEMIS tizimi orqali boshqaruv va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.
Kengashda 2026/2027-o‘quv yilida ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, yangi ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini yo‘lga qo‘yish, raqamli boshqaruv tizimlarini keng joriy etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda professor-o‘qituvchilar faoliyatini KPI mezonlari asosida yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 10-dekabrdagi 501-son buyrug‘i 1-ilovasi 8.3-bandida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tyutorlar faoliyati bo‘yicha tayyorlangan tahliliy hisobot ham Kengashda muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, tyutorlik faoliyatini yanada takomillashtirish hamda mavjud masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarga belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha tegishli ishlarni tashkil etish vazifalari yuklatildi.
Mazkur yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar institutda ta’lim, ilm-fan va boshqaruv jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy va raqobatbardosh pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.