Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin!
shape
shape

Yangilik haqida

  • Bosh sahifa
  • YOSHLAR-MILLAT KO‘ZGUSI, TARAQQIYOT GAVHARI
Event Image

 

YOSHLAR-MILLAT KO‘ZGUSI, TARAQQIYOT GAVHARI

Azal azaldan ajdodlarimiz ilm-u ma’rifatni ulug‘lab, ta’lim va tarbiyaning avlodlar kamolotida ulkan poydevor ekanini e’tirof etib kelishgan. Qaysiki davlatda yoki mamlakatda millat taqdiri ertasi va kelajagiga e’tibor qaratilar ekan, o‘sha mamlakat, o‘sha davlat shubhasiz gullab-yashnaydi, qudratli va buyuk yurt sifatida tan olinadi.

Bugungi kunda kelajak avlodni tarbiyalash, ularni millat tayanchi, buyuk salohiyat va kuch-qudrat manbai sifatida shakllantirish, yuksak ma’naviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini o’z zimmasiga olishga qodir avlodni voyaga yetkazish bizning oldimizda turgan ustuvor vazifadir. Joriy yilning 14-fevral sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qildi. Videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar doirasini kengaytirish, ularning fan, ta’lim, sport, tadbirkorlik sohalaridagi istiqbolli rejalarni qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama etildi. Prezidentimiz murojaatnomalarida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib, xizmat qilishi lozim” deya alohida ta’kidladilar. Darhaqiqat, bu barchaga katta mas’uliyat yuklaydiki, buning uchun yuqori marralarni zabt etishni maqsad qilgan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish zarur.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda azmu shijoatl, navqiron yoshlardan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini ta’kidladi. Muloqotda shuningdek, yoshlarimizning turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani aytib o‘tildi. Jumladan, hozirgi vaqtda dunyodagi “top” oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, yana bir ibratli misol– “Kitobsevar millat” g‘oyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib, 3 million nafarga yetkanligi ta’kidlandi.

Muloqotda yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish masalasi ham muhokama etildi va buning uchun jami 126 trillion so‘m ajratilganligi ularga berilgan e’tiborni naqadar yuksak ekanligidan darak beradi.

Shuningdek, Davlatimiz Rahbari texnologik jarayonlarni boshqarishda strategik qarorlar qabul qiladigan yoshlarni tayyorlash uchun texnika oliygohlari qoshida 17 ta muhandislik maktabi ochilishi haqida so‘zlab o‘tdi. Joriy yil IT sohasi eksportini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinganligi bunda asosiy kuch, albatta, yoshlar ekani ta’kidlandi.

“Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Coursera” platformasida 3 mingdan ortiq kurslarda sun’iy intellect yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida ta’lim olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlashda sun’iy intellekt texnologi yalaridan foydalanish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga raqamli ijtimoiy ekotizimni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish topshirildi. Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlandi. Shuning uchun kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimchagrant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.

Yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi. Bundan tashqari, dunyoning nufuzli “top-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi, nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshirilishi, harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etish kabi bir qator masalalar yoritib o‘tildi.

“Ajdodlar merosiga munosib avlod” g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik hissini oshirish maqsadida “Men buyuk el farzandiman” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yoshlarning tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Prezidentimiz murojaatlari so‘ngida yoshlarga qarata “Bugungi kunda Vatanimiz o‘z taraqqiyotining yangi bir tarixiy bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu davrda oldimizda ilgari duch kelmagan murakkab vazifalar, g‘ov va to‘siqlar paydo bo‘lishi tabiiy, albatta. Lekin qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarga, albatta, yetamiz. Chunki bizning bugun barcha soha va tarmoqlarda maydonga dadil chiqayotgan g‘ayrat-shijoatli yoshlarimiz bor. Sizlar bilan maslahat va muloqotni o‘z faoliyatimizda asosiy mezonlardan biri, deb bilamiz. Sizlar ham bunday yuksak ishonchga munosib bo‘lib, jonajon Vatanimizni har tomonlama rivojlangan, go‘zal va farovon mamlakatga, Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda bo‘lasiz, deb ishonaman”,-deya ta’kidlab o‘tdilar.

Xulosa qilib aytganda, agar jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar talaygina va bu islohotlohotlarning tub negizi, avvalo, taʼlim tizimidan boshlanganligini koʻrishimiz mumkin. Bu esa ta’limni rivojlantirish, taraqqiyotni yuksaltirishga qo‘yilgan ulkan qadam ekanligini ko‘rsatadi. Oliygohlarimizda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yish, ularda tahsil olayotgan yoshlarni jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib yetishishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etish, ularni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi sifatida shakllantirib borish, bundan tashqari, o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifalarimizdan biridir.