Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin!
shape
shape

Yangilik haqida

  • Bosh sahifa
  • YUKSAK DARAJADAGI RIVOJLANISH SARI YANA BIR QADAM
Event Image

Joriy yilning 4-5 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan rasmiy tashrif buyurganligi avvalo, ta’lim sohasi xodimlari uchun quvonchli voqea bo‘ldi.  O‘zbekiston va Malayziya tadbirlarining kun tartibida bir nechta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarining birinchisi, bu sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish ta’lim sohasi va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish etib belgilandi. O‘zbekiston-Malayziya do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Inson resurslari har qanday jamiyatning asosiy boyligi bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim mezonidir. Aholining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekiston uchun ta’lim, mutaxassislar tayyorlash va fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan, Malayziya istiqbolli sherik hisoblanadi. Bu mamlakat 20 ta davlat va 50 ta xususiy universitet hamda dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallarini o‘z ichiga olgan rivojlangan oliy ta’lim tizimiga ega. Malayziya 130 mingdan ortiq xorijiy talabalarni jalb qilgan holda eng mashhur xalqaro ta’lim yo‘nalishlari orasida 11 o‘rinni egallaydi. Bunday hamkorlik tajriba almashish va zamonaviy ta’lim amaliyotlarini joriy qilish imkoniyatlarini ochib beradi.

Ikki davlat hamkorligi haqida so‘z borar ekan, avvalo, Malayziya to‘g‘risida biroz to‘xtalsak. Malayziya – industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda ishlab chiqarish sanoatining ulushi – 28,7 %, konchilik sanoatining ulushi – 9,3 %, qishloq xoʻjaligining ulushi – 17,3 %. Malayziyaning asosiy ekini – sholi boʻlsa ham mamlakat ehtiyojini qondirmaydi. Mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmogʻi kauchuk ishlab chiqarishdir. Bundan tashqari, kokos palmasi, ananas, kakao, choy, murch, sabzavot, mevalar yetishtiriladi. Chorvachilik sohasi rivojlangan; qoramol, choʻchqa boqiladi. Dengiz qirgʻogʻi yaqinida va daryolarda baliq ovlanadi. Eksport uchun yogʻoch tayyorlanadi. Malayziya sanoatining asosiy tarmoqlari: elektrotexnika, neftni qayta ishlash, kimyo, metallurgiya, avtomobil, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati; konchilikning asosiy tarmoqlari: neft, tabiiy gaz, qalay, temir va mis rudalari, boksit qazib chiqarish. Malayziya integral sxema, konditsioner, radio va teleapparaturalar ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi mamlakatlardan biri. Yiliga 24,8 mlrd. kV soat elektr energiya hosil qilinadi. Kauchuk, palma yogʻi, qalay eksport qilishda dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Hunarmandchilik (ganchkorlik, zargarlik, kashtachilik va boshqalar) rivojlangan.

Xalq maorifi tizimi esa 6 yillik boshlangʻich maktab (6 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun), 3 yillik kichik oʻrta maktab va 2 yillik katta oʻrta maktab (katta oʻrta maktab huzurida ijtimoiy, tabiiy-ilmiy va texnika hamda kasb-hunar taʼlimi boʻlimlari bor) dan iborat. Kuala-Lumpur universiteti (1962), Milliy universitet (1970), Texnologiya universiteti (1972), qishloq xoʻjaligi universiteti (1973), Jorjtaundagi universitet oliy taʼlim beradi. Kuala-Lumpurda Milliy kutubxona (1971), Milliy muzey (1963, arxeologiya, etnografiya, zoologiya majmuasi bilan) bor. Tabiiy kauchukni tadqiq qilish instituti, Malayziya ilmiy tadqiqot instituti, oʻrmonchilik va tropik baliqchilik tadqiqot markazlari, tibbiyot ilmiy tadqiqot instituti, Ijtimoiy fanlar tarixi jamiyati, Malayya tili va adabiyoti agentligi, Tamil tili jamiyati mavjud.

Har tomonlama manfaatli sheriklikka hamda ikki davlatning strategik harakatlari asosida mustahkamlanayotgan hamkorlik kelgusida albatta o‘z hosilini beradi. Jumladan, tashrif davomida Petronas universiteti negizida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha erishilgan kelishuv bu borada muhim qadam bo‘ldi.  Umuman olganda, tashrif yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘yayotganini yuksak ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Aniq iqtisodiy tashabbuslar va institutsional mexanizmlarga asoslangan yuksak darajadagi jadal rivojlanish uzoq muddatli strategik hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.