


Olimpiya va Paralimpiya harakati: sog‘lom millat, yuksak marralar, yorqin g‘alabalar sari!
Sport – har qanday davlatning rivojlanishi va taraqqiyotida muhim omil hisoblanadi. Jismoniy tarbiya va sportga e’tibor kuchaygan jamiyatda aholi salomatligi mustahkamlanib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi shakllanadi. Bu esa nafaqat sportdagi yutuqlarga, balki umumiy iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga ham ta’sir ko‘rsatadi. 2025-yil 13-fevral Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisliklarida Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham aynan shu jihatlarga alohida urg‘u qaratildi. Davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalishda sportchilarimiz tomonidan erishilgan yutuqlarni e’tirof etishlari bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish, aholi jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlarni belgilab berdilar.
Olimpiya va Paralimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari nafaqat sport, balki do‘stlik, tinchlik va hamjihatlik ramzi hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu harakatni yanada rivojlantirish, sportchilarimizni xalqaro musobaqalarga yuksak darajada tayyorlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining tashabbusi bilan sport infratuzilmasini takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda trenerlar malakasini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Sportchilarimizning yutuqlari – yurt sha’ni. So‘nggi yillarda O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etmoqda. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo o‘yinlarida hamda jahon chempionatlarida erishilgan medallar mamlakatimiz sportining yuksak salohiyatini namoyon etmoqda.
Ta’kidlash joizki, sportchilarimiz nafaqat yakka tartibda, balki jamoaviy sport turlarida ham muvaffaqiyat qozonmoqda. Bu borada ayniqsa boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og’ir atletika kabi yo‘nalishlarda yirik zafarlarga erishilmoqda. Ayniqsa, yosh sportchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mehnati va intilishi yurtimizning sport sohasidagi istiqbolini belgilab bermoqda.
Ayniqsa, Paralimpiya harakatiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor alohida e’tirofga loyiq. Chunki jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarimiz o‘z iste’dodlari va sabr-toqatlari bilan katta yutuqlarga erishmoqda. Bu nafaqat ularning shaxsiy zafarlari, balki butun O‘zbekiston sportining yutug’i sanaladi.
Ommaviy sport – sog’lom millat tayanchi. Jamiyatda sog’lom turmush tarzini shakllantirish va aholining jismoniy faolligini oshirish uchun ommaviy sportni rivojlantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda yurtimizda ommaviy sport tadbirlari, yugurish marafonlari, besh tashabbus, universiada va boshqa musobaqalar muntazam o‘tkazilmoqda. Bu esa nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagi fuqarolarni ham sportga jalb qilishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda maktab va oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya darslari sifatini oshirish, sport inshootlarini ko‘paytirish va ularni zamonaviy talablarga javob beradigan jihozlar bilan ta’minlash yo‘nalishida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa bolalar va yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularni sog’lom turmush tarziga o‘rgatishga xizmat qiladi. Yig’ilishda oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga ushbu yo‘nalishda talabalar qamrovini yanada oshirishga oid tizimli rejalar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Sport infratuzilmasini rivojlantirish. Yurtboshimizning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda sport infratuzilmasini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi sport majmualari, olimpiya bazalari, trenirovka zallari hamda zamonaviy sport maktablari barpo etilmoqda. Bundan tashqari, mavjud sport inshootlari kapital ta’mirlanib, ular xalqaro standartlarga javob beradigan darajaga yetkazilmoqda.
Qishloq joylarida ham sport majmualari ko‘payib, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu esa iqtidorli sportchilarni kashf qilish va ularni yuqori bosqichga tayyorlash imkoniyatini oshiradi. SHu bilan birga, sport tadbirlarini ko‘paytirish va ommaviy musobaqalarni tashkil etishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
So‘zim yakunida shuni xulosa qilmoqchimanki, O‘zbekiston sporti yangi bosqichga chiqmoqda. Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, ommaviy sportni targ’ib qilish, yoshlarni sportga keng jalb etish – bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar va sa’y-harakatlar natijasida yurtimiz sporti yanada yuksak marralarni zabt etayotgani quvonarli holdir. 13-fevraldagi Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi videoselektor yig‘ilishidagi vazifalar ijrosi ushbu yo‘nalishlardagi faoliyatni yanada rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab beradi.
Biz, o‘zbek xalqi, sportchilarimizning zafarlaridan faxrlanamiz. Chunki ularning g’alabalari – yurtimizning, el-yurtimizning sharafi! Har bir sportchi g’alabasi ortida katta mehnat, iroda va sabr-toqat yotibdi. Shunday ekan, sportni qo‘llab-quvvatlash, uning rivojiga hissa qo‘shish – har birimiz uchun sharafli vazifadir. Olimpiya va Paralimpiya harakatida yangi zafarlar sari dadil ilgarilash esa yurtimizning dunyoga sport yo‘nalishida ham yuksak salohiyatga ega ekanligini yana bir bor namoyon etadi.