

Buxoro davlat pedagogika institutiga Fransiyaning O'zbekistondagi elchixonasining ilm-fan va madaniy ishlar bo'yicha maslahatchisi doktor Denis Duclos hamda elchixona vakili Yekaterina Grigoreva tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida ta'lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, institutning "Sharq gavhari" ansambli, Fransiyaning "Buyuk ipak yo'li" hamda "Panjrud" (Fransiya, Eron, Armaniston) ansambllari bilan yo'lga qo'yilgan samarali hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar 2026-yil oktabr oyida Buxoro viloyatida o'tkazilishi rejalashtirilgan "Fransiya madaniyati oyligi" doirasida navbatdagi madaniy tadbir va konsert dasturlarini birgalikda tashkil etishga kelishib oldilar.
Shuningdek, fransuz tili kafedrasini tashkil etish, akademik almashinuvni rivojlantirish, Fransiyadan malakali mutaxassislarni jalb etish hamda qo'shma ta'lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi qo'shma tashabbuslarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.