

Ispaniyaning Madrid shahrida O'zbekiston va Ispaniya oliy ta'lim muassasalari forumi bo'lib o'tmoqda. Nufuzli xalqaro tadbirda ikki mamlakatning 30 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forumda Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma'murov ham faol ishtirok etmoqda. Muloqotlar davomida talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvini kengaytirish, qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar o'rtasida akademik hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro tajriba almashuvini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Forumning yalpi va sho'ba yig'ilishlarida kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, amaliyot tizimini takomillashtirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Mazkur forum Buxoro davlat pedagogika institutining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan yangi loyihalarni yo'lga qo'yish hamda ta'lim sifatini oshirish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'lib xizmat qilmoqda.